38 nafar byurokrat mulozim jazolandi – Adliya vazirligi

Jamiyat

image

Davlat organlari va tashkilotlarining byurokratiyaga yo‘l qo‘ygan 38 nafar ma’sul xodimlari intizomiy jazoga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi 29 ta vazirlik va idoralarda o‘rganildi.

O‘rganishda vazirlik va idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonida belgilangan talablar buzilgani, ayrim tadbirlar ijrosi ta’minlanmagani aniqlangan.

Farmon bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda 18 turdagi ma’lumot va hujjatlarni aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan talab qilish bekor qilinib, ushbu hujjatlarni mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi orqali so‘rab olinishi belgilangan bo‘lsada, hujjat talabi buzilib jami 3 256 ta holatda hujjatlar aholining o‘zidan talab qilib olingan.

O‘rganish yakuni bo‘yicha Prezident Farmoni talabini buzib, aholidan ortiqcha hujjatlarni talab qilib olganligi uchun quyidagi vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215-5-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi:

•    Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;

•    Innovatsion rivojlanish vazirligi;

•    Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi;

•    Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;

•    Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi;

•    Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi;

•    Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi;

•    Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi;

•    Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi.

O‘rganilgan 29 ta vazirlik va idoralardan 3 tasi o‘rganish jarayonida, qolgan 24 ta vazirlik va idoralar hamda ularning tizim idoralari o‘rganish yakuni bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga ulanishi ta’minlangan.

Shuningdek, aniqlangan qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida vazirlik va idoralarga 21 ta taqdimnoma kiritilgan.

Kiritilgan taqdimnomalar natijasida davlat organlari va tashkilotlarining 38 nafar ma’sul xodimlariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Adliya vazirligi Prezident Farmoni bilan aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan talab qilinishi bekor qilingan hujjatlarni aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan so‘rab olinganligi yoki ortiqcha hujjatlar olinganligi aniqlansa mazkur vazirlik va idorlar rahbarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215-5-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi byurokrat

Baholaganlar

69

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing