Koronavirus qurbonlari soni 86 nafarga ko‘paydi

Olam

image

Bugun, 7 fevral kuni holatiga Xitoyda paydo bo‘lgan yangi koronavirus qurbonlari soni 724 nafarga yetib, kechagiga nisbatan 86 nafarga ko‘paydi. Qurbonlarning faqatgina ikki nafari Xitoydan tashqarida vafot etgan.

Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 3397 nafarga ortib, 34 878 nafarga yetdi. Bemorlarning 34 546 nafari Xitoyda qayd etilgan. Qolganlari dunyoning 26 davlatida aniqlangan.

Koronavirusdan davolanganlar soni 517 kishiga ko‘payib, 2085 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich kecha 1568 nafarga teng edi. Bemorlarning 6106 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

OAVda koronavirusning yana bir "aybdori" topilgani to‘g‘risida ma’lumot tarqaldi. Pangolinlar yangi turdagi koronavirusning oraliq egasi bo‘lishi mumkin. Osiyoda tansiq ovqat hisoblanuvchi ushbu sutemizuvchilarning go‘shti orqali kasallik odamlarga yuqqan bo‘lishi mumkin.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.

JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy virus

Baholaganlar

85

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing