Xitoyda kung-funi biladigan robot ishlab chiqildi (video)
Olam
−
13:51 329 2 daqiqa
Xitoyning Unitree kompaniyasi yangi H2-X gumanoid roboti aks etgan videorolikni taqdim etdi. Robot avtomobilni pachoqlash, balandlikdan sakrash va kung-fu harakatlarini bajarish qobiliyatiga ega. Bu haqda “Naked Science” nashri xabar berdi.
Videoda H2-X avval metall chiqindilari to‘plangan maydondagi avtomobil ustiga chiqadi. Orqaga salto qilganidan keyin tizzasi, tirsagi va mushtlari bilan mashinaga bir necha bor zarba beradi. Oqibatda avtomobilning eshiklari va kapoti eziladi.
Shundan so‘ng, robot to‘rt metr balandlikdagi platformadan sakraydi. Yerga tushgach, dumalab, yana oyoqqa turadi. Keyingi kadrlarda sakrab tepish va salto kabi harakatlarni bajaradi. Unitree kompaniyasining qayd etishicha, videoda haqiqiy sinovlar aks etgan va tasvir tezligi oshirilmagan.
Rolikda robotning qo‘riqlash va qutqaruvga oid imkoniyatlari ham namoyish etilgan. Bir sahnada H2-X ayol bilan qurollangan kishi o‘rtasiga o‘tib, uni chekinishga majbur qiladi. Boshqa bir epizodda esa yaqinlashib kelayotgan avtomobil yo‘lida turgan odamni itarib, chetga olib chiqadi.
Yana bir sahnada robot mashina ostidagi manekenni chiqarish uchun avtomobilning old qismini biroz ko‘taradi. Bu yerda butun mashinani yerdan uzib ko‘tarish emas, balki uning bir qismini ko‘tarish ko‘rsatilgan.
H2-X’ning texnik xususiyatlari hozircha to‘liq oshkor etilmagan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, to‘liq quvvatlangan akkumulyator taxminan sakkiz soat ishlashga yetadi. Biroq bu ko‘rsatkich qaysi yuklama sharoitida olingani aniq emas. Uzoq yurish va shiddatli sakrashlar akkumulyator quvvatining tezroq sarflanishiga olib kelishi mumkin.
Taqqoslash uchun, oddiy H2 modeli sig‘imi 15 amper-soat bo‘lgan tez almashtiriladigan bitta akkumulyator bilan taxminan uch soat ishlaydi. Yangi robotda qanday akkumulyator yoki energiya tejash yechimi qo‘llangani haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, H2-X’ning bo‘yi qariyb 182 santimetr, vazni esa 70 kilogramm. Bu jihatdan u bazaviy H2 modeliga mos keladi.
Robot 31 ta erkinlik darajasiga ega. Jumladan, har bir oyoqqa oltitadan, har bir qo‘lga yettitadan, bel qismiga uchta va bosh qismiga ikkita erkinlik darajasi to‘g‘ri keladi. Bu robotning turli bo‘g‘imlari orqali mustaqil harakatlarni bajarish imkonini beradi.
H2-X minus 20 darajadan plyus 60 darajagacha bo‘lgan haroratda ishlashga mo‘ljallangan. Uning karkasida aviatsiya alyuminiysi, titan qotishmasi va yuqori mustahkamlikdagi polimerlardan foydalanilgan.
Dasturchilar uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha interfeyslar orqali robotga yangi harakatlar ketma-ketligini yuklash va patrul yo‘nalishlarini sozlash mumkin. Biroq kompaniya H2-X’ning barcha texnik xususiyatlarini hozircha to‘liq e’lon qilmagan.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi