O‘zbekiston Xitoy bilan tinch atom va yana 11 sohada hamkorlikni kengaytirmoqchi
Jamiyat
−
20:57 519 2 daqiqa
Bugun, 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi davrning barcha sharoitlarida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekiston va Xitoy yetakchilarining joriy yil avgust oyida Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va sohaviy idoralar, hududlar hamda ishbilarmon doiralar darajasida faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
O‘zbekistonning “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlangan.

Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Qat’iy kelishuvlarga asoslangan loyihalar portfeli qariyb 60 milliard dollarga yetgan, 6 mingdan ziyod qo‘shma korxona tashkil etilgan. Xitoylik sayyohlar soni ortib bormoqda. Kambag‘allikni qisqartirish sohasida tajriba almashish faol davom etmoqda.
“Yashil” energetika, kimyo sanoati, geologiya, avtomobilsozlik, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tinch atom, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, uskuna ishlab chiqarish va robototexnika sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.

Bildirilishicha, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘li qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Uning ishga tushirilishi mintaqada savdoni rivojlantirish va transport jihatidan bog‘liqlikni mustahkamlashga yanada kuchli sur’at bag‘ishlashi ta’kidlangan.
Muzokara chog‘ida turizm, madaniyat va ta’lim sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida urg‘u berilgan. Bu boradagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilingan.
Yaqin kunlarda Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi, ikki mamlakat hududida madaniyat markazlari ochiladi.
Tomonlar SHHT, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini ham ko‘rib chiqqan.
Live
Barchasi