31 hokim maktab “remont”idan pulni qizg‘angani aniqlandi
Jamiyat
−
28 avgust 2023
8552O‘zbekistonda 31 ta tuman va shahar hokimi joriy yilda maktab “remont”i uchun pul ajratmagan. Respublikasi miqyosida maktab ta’miri uchun ajratilgan mahalliy byudjet mablag‘lari esa 135 milliardni tashkil etmoqda. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Prezidentning qayd etishicha, o‘tgan olti yarim yilda 320 ming xonadonli yangi uy-joy barpo etilgani bilan ularga mos quvvatdagi maktablar qurilmagan. Yangi qurilgan massiv va mahallalarda hozirning o‘zida 350 ming yangi o‘quvchi o‘rinlariga talab bor.
Shuningdek, so‘nggi yillarda 70 ming o‘rinli 350 ta xususiy maktab tashkil etildi (2018 yilgacha jami 30 ta bo‘lgan).
“Toshkent shahri va Farg‘onada xususiy maktablar salmog‘i qolgan hududlardan ancha yuqori. Lekin Navoiyda atigi 3 ta, Surxondaryoda 4 ta, Sirdaryoda 7 ta xususiy maktab bor. Yoki, qo‘shimcha 150 ming o‘quv o‘rniga ehtiyoji bo‘lgan Samarqandda bor-yo‘g‘i 6 ming 300 o‘rinli 35 ta xususiy maktab ishlayapti”, deydi Prezident.
Yig‘ilishda Prezident Mirziyoyev hokimlarga maktab infratuzilmasini yaxshilash to‘g‘risida bosh qotirishlari kerakligini uqtirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 avgust kuni poytaxt Toshkentdagi 60-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasida Prezidentning yordamchisi – to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, maktablar qurilishi yangi tug‘ilayotgan bolalarga yetib ulgurmayotgani, hozirda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj borligini aytgan edi.
LiveBarchasi