30 yildan so‘ng BMT missiyasi tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ga bordi
Olam
−
01 Oktabr 2023
5764BMT missiyasi tan olinmagan va tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ga bordi. Bu haqda APA xabar berdi.
Qayd etilishicha, missiyaning maqsadi – joylardagi vaziyat bilan tanishish va aholining gumanitar ehtiyojlarini aniqlash. Missiya tarkibiga BMTning turli agentliklari vakillari kiradi.
“BMT missiyasi Tog‘li Qorabog‘ga (Stepanakert) jo‘nab ketdi. Eslatib o‘tamiz, BMT missiyasi oxirgi marta Qorabog‘ga taxminan 30 yil avval tashrif buyurgan”, deyiladi agentlik xabarida.
Shu yilning 29 sentyabr kuni Ozarbayjon BMT missiyasini tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ga tashrif buyurishga taklif qilgan.
“U yerda jamoa vaziyatni joyida baholab, qolgan va ketayotgan odamlarning insonparvarlik ehtiyojlarini aniqlashga harakat qiladi. Asosiy e’tibor gumanitar masalalarga qaratiladi”, deydi BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabriga o‘tar kechasi Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankka qarshi mina portlab ketishi ortidan olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgandi. O‘sha kuni Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa yaqin kunlarda Tog‘li Qorabog‘da birorta ham arman aholisi qolmasligi, Ozarbayjon u yerda etnik tozalash olib borayotganini iddao qilib chiqqan. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi esa jazavaga tushayotgan Pashinyanning ayblovlarini rad etdi.
LiveBarchasi