30 yil kimlarni sayladik yoxud Karimovning 25 yillik muvaffaqiyati siri nima edi?

Tahlil

image

O‘zbekistonda navbatdagi Prezident saylovi bo‘lib o‘tishiga sanoqli kunlar qoldi. Joriy yilning 24 oktyabr kuni butun dunyo nigohi O‘zbekistonda o‘tadigan Prezident sayloviga qaratiladi. Shu kunlarda mamlakatning 30 yillik mustaqillik tarixida o‘tgan Prezident saylovlarini yodga olish ayni muddao. 

1991 yildagi Prezident saylovi 

O‘zbekiston tarixida prezidentlik lavozimi 1990 yilda joriy etildi. U vaqtlarda mamlakat hali SSSR mustamlakasi ostida edi. 1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Islom Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi.

1991 yilning 31 avgust kuni O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov mamlakatning mustaqilligini e’lon qildi. Shu yilning 29 dekabriga kelib, O‘zbekistonda ilk bor muqobillik asosida umumxalq saylovi o‘tkazildi. 

Birinchi Prezident saylovida ikki nomzod ishtirok etdi. Bular – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Islom Abdug‘aniyevich Karimov va “Erk” demokratik partiyasidan Muhammad Solih. Ovoz berish jarayonlarida saylovchilarning 94,2 foizi yoki 9,9 millioni ishtirok etgan. Natijalarga ko‘ra, 8 514 136 ta ovoz yoki umumiy saylovlarning 87,1 foizi qo‘llab-quvvatlashi bilan Islom Karimov mamlakatning Birinchi Prezidenti sifatida g‘alaba qilgan. 

Ushbu saylovda saylovchilarning 1 220 474 nafari yoki umumiy ovoz beruvchilarning 12,5 foizi Karimovning raqibi Muhammad Solih nomzodiga ovoz bergan edi. 

Mazkur saylovda ikki nomzodni ham yoqlamay, qarshi ovoz berish imkoniyati mavjud bo‘lgan. Bundan  36 525 kishi foydalangan. 129 823 byulleten esa haqiqiy deb topilmagan

1995 yil 26 martda prezident vakolati muddatini 4 yilga uzaytirish bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tadi. Referendumda ishtirok etganlarning 99,6 foizi Karimovning vakolatlarini yana 4 yilga uzaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi. 0,4 foiz saylovchi byulletendagi “yo‘q” javobiga qayd  qo‘yadi. Natijalarga ko‘ra, Prezident vakolati 2000 yilgacha uzaytiriladi. 

2000 yildagi Prezident saylovi 

1999 yil 16 fevral kuni Prezident Islom Karimovga nisbatan uyushtirilgan suiqasddan bir yil o‘tar-o‘tmas, 2000 yilning 9 yanvar kuni O‘zbekistonda navbatdagi Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu saylovda ro‘yxatga olingan 12 million 746 ming 903 saylovchidan, 12 million 123 ming 199 nafari ishtirok etdi. Bu esa ro‘yxatga olingan saylovchilarning umumiy miqdorining 95,1 foizini tashkil etadi. Ahamiyatlisi shundaki, O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlardagi eng yuqori ishtirok ko‘rsatkichi aynan ushbu saylovda qayd etilgan. 

Saylovda ikki nomzod prezidentlik uchun kurash olib bordi. Mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomzodi “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasidan ko‘rsatiladi. Saylovda Karimov nomzodini yoqlab 11 million 147 ming 621 saylovchi yoki saylovchilarning 91,9 foizi ovoz berdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzodi Abdulhafiz Jalolovga 505 ming 161 saylovchi yoki saylovchilarning 4,71 foizi ovoz berdi. 470 417 byulleten haqiqiy emas deb topilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2007 yildagi Prezident saylovi 

2007 yilda o‘tkazilgan referendumga ko‘ra, Prezident vakolati muddati 7 yilga uzaytiriladi va u amaldagi davlat rahbari vakolat muddatiga tadbiq etiladi. Shu bois keyingi Prezident saylovi 2007 yilning 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. 

Ushbu saylovda 16 mln 297 ming 400 nafar saylovchi ro‘yxatga olindi. Shundan 14 mln 765 ming 444 nafari yoki 90,6 foizi ovoz berishda ishtirok etdi. 

4 nomzod Prezidentlik uchun kurash olib bordi. Ular orasida ilk ayol nomzod – Dilorom Toshmuhamedova ham bor edi. 

Saylov natijalariga ko‘ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Abdug‘aniyevich Karimovga 13 million 8 ming 357 nafar saylovchi yoki saylovda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,1 foizi ovoz berdi. Saylovda:

•    O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Asliddin Ashurboyevich Rustamovga 468 ming 64 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 3,17 foizi;

•    saylovchilar tashabbuskor guruhidan ko‘rsatilgan nomzod Akmal Xolmatovich Saidovga 420 ming 815 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 2,85 foizi;

•    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Dilorom G‘ofurjonovna Toshmuhamedovaga 434 ming 111 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 2,9 foizi ovoz berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 14, 35-moddalariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi Islom Abdug‘aniyevich Karimovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylandi, deb hisoblash haqida qaror qabul qildi.

2015 yildagi Prezident saylovi

Islom Karimovning navbatdagi prezidentlik vakolati muddati aslida 2014 yilning dekabr oyida tugashi kerak edi. Biroq, shu yilning dekabr oyida parlament saylovi ham bo‘lib o‘tishi munosabati bilan Prezident saylovi parlament saylovi natijalari e’lon qilingandan so‘ng, uch oy ichida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Shunga ko‘ra, navbatdagi Prezident saylovi 2015 yilning 29 mart kuni o‘tkazilgan. 

Saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 798 ming 52 kishidan 18 mln 942 ming 349 nafar saylovchi ovoz berishda ishtirok etgan. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 91,08 foizini tashkil etadi.

Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 17 mln 122 ming 597 nafari yoki 90,39 foizi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Abdug‘aniyevich Karimovni yoqlab ovoz bergan. Saylovda: 

•    O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Akmal Xolmatovich Saidovga – 583 ming 309 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 2,92 foizi;

•    O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonovga 552 ming 309 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 2,92 foizi;

•    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovga 389 ming 24 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 2,05 foizi ovoz bergan.

Prezident Karimovning 25 yil davomida ketma-ket saylanib kelingani hamon bahslarni keltirib chiqaradi. Holbuki, mamlakatda har jihatdan muammolar to‘planib qolgan edi. Byurokratiya, korrupsiya, bolalar va ijtimoiy soha xodimlari majburiy mehnati, iqtisodiy muammolar qalashib yotganiga qaramay, Islom Karimov xalq ishonchini qanday qozonolgani hamon sir. 

2016 yildagi Prezident saylovi 

Ma’lumki, 2016 yilning 2 sentyabr kuni 28 yil davomida O‘zbekistonni boshqarib kelgan Prezident Islom Karimov vafot etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish 2016 yilning 4 dekabriga belgilandi. 

Saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari ishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning 87,73 foizini tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining natijalariga ko‘ra, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Sadullayevich Otamurotovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 2,35 foizi ovoz berdi. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 88,61 foizi ovoz berdi. 

Xalq demokratik partiyasidan nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 3,73 foizi ovoz berdi. 

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Narimon Majitovich Umarovga esa 619 ming 972 nafar saylovchi yoki saylovchilarning 3,46 foizi ovoz berdi. 

Shunday qilib, natijalarga asosan 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev g‘olib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90, 117-moddalariga, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 35, 36-moddalariga “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5, 9-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Prezident sayloviga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, Xalq demokratik partiyasidan Maqsudova Vorisova, Ekologik partiyasi Narzullo Oblomurodov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Alisher Qodirov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov nomzodlari ilgari surilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident saylovi

Baholaganlar

1474

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing