30 ta xususiy bandlik agentligi bironta odamni xorijga ishga yubormagan
Jamiyat
−
26 Oktabr 2019
4033O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklarining 30 tasi tomonidan birorta ham fuqaro shu kunga qadar xorijiy davlatlarga ishga yuborilmagan. Bu haqda kecha, 25 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda migratsiya jarayonlari: muammo va yechimlar” mavzuidagi davra suhbatida aytib o‘tildi.
Qayd etilishcha,“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonun asosida 88 ta yuridik shaxs Xususiy bandlik agentligi sifatida Mehnat vazirligi reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ulardan 65 tasiga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning 59 tasi o‘z faoliyatini yuritmoqda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuridik shaxslarning reyestrini shakllantirish 1 kunlik qisqa muddatda, litsenziya berish 3-5 kunda amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri davomida Xususiy bandlik agentliklari tomonidan 1655 nafar fuqaro chet elda, 77 nafar fuqaro respublikamiz hududida ishga joylashtirildi, 33 838 nafar fuqaroga maslahat va axborot xizmati ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, o‘tgan vaqt davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga va boshqa mas’ul idoralarga ayrim xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan ko‘plab fuqarolarning salbiy murojaatlari kelib tushgani qayd etildi.
Deputatlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida litsenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30 tasi tomonidan birorta ham fuqaro shu kunga qadar xorijiy davlatlarga ishga yuborilmaganini tanqid qildi.
Muhokamalar chog‘ida ko‘tarilgan masalalar – sohadagi muammolar ildizini chuqur o‘rganish, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Deputatlar sohadagi muammolarga yechim topish, ayniqsa, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini takomillashtirish masalasida parlament nazoratini kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratdi.
LiveBarchasi
26 noyabr