Yana bir firibgar Xususiy bandlik agentligi faoliyatiga barham berildi
Jamiyat
−
13 yanvar 2020
5702Xususiy bandlik agentligi bo‘lmish “Recruit Consulting Work Xususiy bandlik agentligi” MCHJ xodimlari fuqarolarga Shveysariya va Avstriyada ishga joylashishda yordam berishlarini va’da qilishgan. Ammo hammasi puchga aylangan. Shu sababli aldangan fuqarolar videomurojaatni internetga joylashtirishga qaror qilishgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabar bermoqda.
2019 yilning iyul oyida 37 yoshli Durdona I. va 45 yoshli Marhabo K. yuqoridagi mas’uliyati cheklangan jamiyatga murojaat qilishgan. U yerda ularga 25 million so‘m va 16 million so‘m evaziga qarindoshlarini chet elda ishga joylashtirishni va’da qilishgan. Shu bilan birga korxona tomonidan bir martalik konsultatsiya uchun shartnoma tuzilib, fuqarolarga taqdim etilgan. Aldangan ayollar ushbu shartnomalarni imzolashgan. To‘lov to‘liq MCHJ hisob raqamiga o‘tkazilgan.
Tergov davomida aniqlanishicha, ushbu ayollardan tashqari mazkur MCHJga yana 22 kishi murojaat qilgan. Ularga ham xuddi shunday shartnomalar taqdim etilib, jami 445 mln so‘m olingan. MCHJ rahbarlari va’da qilgan ishlarini bajarmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflagan.
Ushbu fakt asosida MCHJ rahbarlariga nisbatan 2019 yil 23 noyabr kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) 4-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
2019 yil 23 dekabr kuni MCHJ ofisida tintuv o‘tkazildi. Unda: imzolangan shartnomalar, sertifikat, muhr va boshqa hujjatlar topildi. 2019 yil 27 dekabr kuni MCHJning hisob raqami “muzlatildi”.
“Recruit Consulting Work xususiy bandlik agentligi” MCHJning jinoiy faoliyatidan jabr ko‘rganlar Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilishlari mumkin: 71-281-90-75, 71-252-55-02, 71-281-92-31, 71-281-91-85” – deyiladi taqdim etilgan ma’lumotda.
LiveBarchasi