3 yillik tanaffusdan so‘ng Falastin chempionati qayta boshlanadi

Sport

image

Falastin futbol assotsiatsiyasi qariyb uch yillik tanaffusdan so‘ng mamlakatda futbol musobaqalari sentyabr oyida qayta boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda assotsiatsiya prezidenti Jibril Rajub aytib o‘tdi.

Assotsiatsiya prezidentining aytishicha, sport tadbirlari va futbol ligalari joriy yilning 4 sentyabridan qayta tiklanadi. Falastindagi futbol musobaqalari 2023 yil 7 oktyabrda G‘azoda urush boshlanganidan so‘ng to‘xtatilgan edi.

Urush davrida Isroil tomonidan halok bo‘lgan 1014 nafar falastinlik sportchini xotirlash maqsadida birinchi musobaqa “Ming shahidlar kubogi” deb nomlandi.

Turnirda 200 dan ortiq klub ishtirok etadi. Ular orasida ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohildan 146 ta, G‘azodan 44 ta va Livandagi Falastin qochqinlar lagerlaridan 36 ta klub bor. Musobaqa bir vaqtning o‘zida uchta hududda boshlanadi.

Rajub urush barcha falastinliklar uchun og‘ir sharoitni yuzaga keltirgani va bu sport musobaqalarining to‘xtatilishiga sabab bo‘lganini ta’kidlagan.

“Ammo biz milliy irodamizni yo‘qotmadik. Sport umid va hayot ramzi bo‘lib qolishiga bo‘lgan ishonchimizni ham yo‘qotmadik”, deydi u.

Assotsiatsiya prezidenti Falastin futbol klublari va federatsiyasi og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u FIFA va boshqa xalqaro federatsiyalarni Falastin sportini qo‘llab-quvvatlashga, futbolchilar, klublar va bolalarning sport bilan “erkinlik va qadr-qimmat” asosida shug‘ullanish huquqini himoya qilishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing