3 yoshli bolaning boshiga g‘isht tushib ketdi (video)

Olam

image

Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyatida Madaniyat uyi binosi fasadidan 3 yoshli bolaning boshiga qoplama plita tushib ketishi oqibatida sun’iy komaga yotqizildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa bola otasi bilan bino yonida sayr qilib yurganida sodir bo‘lgan. Ota hatto o‘g‘lini to‘sib, ikkinchi g‘ishtdan asrab qolgan. Onasining aytishicha, bola ko‘p qon yo‘qotgan, shunga qaramay, uning hayoti qutqarib qolingan.

Jarohatlangan bolada murakkab operatsiya o‘tkazilib, bosh suyagining bir qismi olib tashlangan va sun’iy komaga yotqizilgan. Ota-ona binoning qoplama materiali yaxshi mahkamlanmaganini aytib, aybdorlarni jazolashni talab qilmoqda.

“Bizning talabimiz – bu ishga aloqador barcha aybdorlar topilib, javobgarlikka tortilishi. Chunki men o‘sha parchalarni ko‘rganimda, ularda hech qanday sement, ko‘pik yoki hatto birorta mix ham yo‘q edi. Ular nimada mahkamlangani tushunarsiz. Barcha binolar tekshirilishini xohlayman. Agar bu parcha sifatsiz o‘rnatilgan bo‘lsa, qolganlari ham shunday bo‘lishi mumkin”, deydi bolaning onasi Sabina Kauapova.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Madaniyat uyi binosi 4 yil oldin ta’mirlangan. Biroq 2024 yildayoq u yerda darz ketish holatlari aniqlangan.

“2024 yilda aynan shu burchakda nuqsonlar topilgan. Biz pudratchiga murojaat qildik, uni chaqirdik, u kelib barchasini tuzatishga va’da bergandi. Ammo va’dalarini bajarmadi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u bankrot bo‘lgan “Aziya Nur 2030” kompaniyasi ekan. Biz o‘z kuchimiz bilan tekshirdik, mutaxassislarni jalb qilib, ta’mirlashni rejalashtirgan edik va ishlar boshlanishini kutgan edik”, degan Madaniyat uyi bo‘lim rahbari Meyirlan Qali.

Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, pudratchi esa politsiya tomonidan qidirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Stepnogor shahrida 5 yoshli bola ko‘p qavatli uyning 6-qavatidan yiqilib halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston g'isht 3 yoshli bola Qarag'andi cun'iy koma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing