3 yashar qizini urib o‘ldirgan onadan boshqa farzandi olib qo‘yildi

3-sahifa

−

image

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida 3 yashar o‘gay qizini urib o‘ldirgani aytilgan ayol haqida xabar berilgandi. Mazkur holatdan so‘ng oiladagi boshqa voyaga yetmagan bola xavfsizligini ta’minlash maqsadida yaqin qarindoshining vasiyligiga topshirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot kotibi Dilfuzabegim Ro‘zmetova ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea joriy yilning 26 sentyabr kuni yuz bergan. Oiladagi kelishmovchilik ortidan voyaga yetmagan bola og‘ir tan jarohati olgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, shu kuni vafot etgan.

Bildirilishicha, hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, hodisaning barcha holatlariga tergov yakunlari bo‘yicha huquqiy baho berilishi qayt etilgan. Mazkur holat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Bundan tashqari, oiladagi boshqa voyaga yetmagan bolaning xavfsizligi, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida u yaqin qarindoshining vasiyligiga topshirilgan.

“Hozirda bolaning hayotiy holatini barqarorlashtirish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy himoya tizimi mutaxassislari tomonidan bir qator choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, uning hayotiy holati va mavjud xavf omillari baholanmoqda, zarur psixologik yordam ko‘rsatilmoqda hamda tibbiy ko‘rik tashkil etilmoqda“, deyildi xabarda.

Qayd etilishicha, bolaning yashash manzili o‘zgargani inobatga olinib, ta’limini uzluksiz davom ettirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Ijtimoiy xodim tomonidan bola bo‘yicha ijtimoiy keys ochilib, unga individual ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish rejasi ishlab chiqilmoqda.

Dilfuzabegim Ro‘zmetovaga ko‘ra, agentlik yaqin qarindoshi qaramog‘iga topshirilgan bolaning xavfsizligi va farovonligini, shuningdek, unga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar hamda individual rejaning ijrosini muntazam nazorat qilib boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Olmazor tumanida 3 yoshli bolani enagasining turmush o‘rtog‘i urib o‘ldirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing