3 yashar qizaloq dunyodagi eng yosh yozuvchi sifatida Ginnesga kirdi
Bu qiziq
−
20 yanvar
10518Birlashgan Arab Amirligidan bo‘lgan Al-Maha Rashid Al-Mairi eng yosh yozuvchi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Bu haqda “UAE times now” nashri xabar berdi.
Uch yoshli iste’dodli qizaloq o‘z tengdoshlari uchun “Gul” va “Asalari” nomli ikkita hikoya yozib, nashr ettirgan. Hali bog‘chaga boradigan rekordchi taxminan bir sutkada ikki kitobining mingdan ortiq nusxasini sotdi.
U har ikkala kitobidan joy olgan hikoyalarida ekologiyani asrash ahamiyatini o‘quvchilariga yetkazishga harakat qilgan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, bu bilan Al-Maha o‘z tengdoshlariga atrof-muhitni muhofaza qilish qanchalik muhimligini aytmoqchi.
“O‘tgan yilning noyabr oyida Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 konferensiyasida qatnashganimizda, men Al-Mahada atrof-muhit mavzusida hikoyalar yaratish g‘oyalari borligini his qildim. Konferensiyadan so‘ng, biz atrof-muhitni asrab-avaylashning ahamiyati va bu borada bolalarni yoshligidanoq tarbiyalash zarurligini tushundik. Al-Maha o‘qish ko‘nikmalarini yaxshi rivojlantirdi. Uning iste’dodi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi bizni Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga undadi”, deydi qizaloqning onasi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Forbes” dunyoning eng yosh milliarderlari reytingini e’lon qilgan edi.