3 ta hududda 20 kilodan ortiq narkotikni saqlaganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 20,2 kg narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro muqaddam narkokurerlar tomonidan Ohangaron tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 4 kg 935 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtida ushlangan. 

Aniqlanishicha, internet-narkodo‘konning “omborchi” lavozimidagi ishchisi hisoblangan mazkur shaxs ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida yashirib ketilgan lokatsiyalardan olish va qismlarga ajratgan holda, respublikaning turli viloyatlariga yetkazib berish bilan shug‘ullangan. 

DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs to‘xtatilib, uning qo‘lidagi 1 dona xo‘jalik qopi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda 9 kg 829 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. 

Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan holatda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida, Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi, 1959 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zdan kechirilgan. Natijada u muqaddam qo‘shni davlatlarning biridan olib kelingan 4 kg 652 gr “opiy”, 380 gr “gashish” va 492 gr “marixuana” giyohvandlik vositalarini kelgusida mijozlarga sotish maqsadida saqlab kelayotgani ma’lum bo‘lgan. 

Hozirda har uchala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Konimex tumanida 1200 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan vositalarni 6,9 mln so‘mga sotayotgan shaxs ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

marixuana gashish narkotik opiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing