27 ming dollarga Milliy gvardiyaga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan 22 yashar tovlamachi qo‘lga tushdi
Jamiyat
−
18 avgust 2020
9026Samarqanddan 27 200 ming AQSH dollari evaziga Milliy gvardiyaga ishga olib kirib qo‘yishni va’da qilgan 22 yashar yigit ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kecha, 17 avgust kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, 2000 yilda tug‘ilgan, S.B. ariza bilan murojaat qilib, 2020 yilning yanvar oyida Urgut tumanida yashovchi tanishi U.Sh., uni Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasida yuqori lavozimda ishlovchi “L.” ismli tanishi orqali Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirishini aytib, 2020 yilning yanvar oyidan iyul oyining oxiriga qadar bo‘lib-bo‘lib jami 27.200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib olib, uni ishga kiritmasdan yana 300 AQSH dollari berishini so‘rab kelayotganini ma’lum qilgan. U o‘z arizasida U.Sh. va “L.” ismli shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Arizaga asosan, 17 avgust kuni soat 15:00 larda Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi va Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1998 yilda tug‘ilgan, Urgut shahrida yashovchi U.Sh. ariza muallifi S.B.dan 300 (uch yuz) AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha U.Sh. hech qanday “L.” ismli shaxsni bilmasligi, S.B.ning pulini qo‘lga kiritish maqsadida o‘zini ovozini o‘zgartirib, unga o‘zini “L.” deb tanishtirib, boshqa raqam orqali telefonda gaplashib kelgan. S.B.ni Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritaman deb, aldov yo‘li bilan, 27.200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritib, o‘zining shaxsiy ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi