264 nafar o‘zbekistonlik G‘azoga qarshi jang qilgan – OAV
Olam
−
16 fevral 8793 2 daqiqa
Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi urushida 50 mingdan ortiq xorijiy fuqaro, jumladan, 264 nafar o‘zbekistonlik qatnashgan va hozir ham Isroil armiyasi tarkibida xizmat qilmoqda. Bu haqda kecha, 15 fevral kuni “Al Jazeera” nashri tomonidan e’lon qilingan maqolada keltirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar son jihatdan 126 davlat orasida 27-o‘rinda qayd etilgan. Mazkur shaxslar Isroil fuqaroligiga ham ega bo‘lib, ular orasida ko‘p fuqarolikka ega bo‘lgan fuqarolar ham bor.
G‘azodagi harbiy harakatlarda qatnashayotgan xorijliklarning asosiy qismi AQSH va Yevropa davlatlari fuqarolari hisoblanadi. Hozirda Isroil armiyasida kamida 12 135 nafar AQSH fuqarosi xizmat qilayotgani aytilmoqda. Shuningdek, 6 127 nafar Fransiya, 5 067 nafar Rossiya, 3 901 nafar Germaniya, 3 210 nafar Ukraina, 1 686 nafar Buyuk Britaniya va 1 675 nafar Ruminiya fuqarolari ham armiya safida bor.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘istondan 192 nafar, Qirg‘izistondan 55 nafar, Turkmanistondan 33 nafar va Tojikistondan 8 nafar fuqaro Isroil armiyasida xizmat qilayotgani qayd etilgan.

Huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar G‘azodagi ehtimoliy harbiy jinoyatlarga bog‘liq bo‘lgan xorijiy fuqarolarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish masalasini ko‘tarmoqda.
Isroil armiyasi taxminan 169 ming nafar faol harbiy va 465 ming nafar zaxiradagi askardan iborat. Ularning qariyb 8 foizi ikki yoki undan ortiq fuqarolikka ega. 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan urush oqibatida G‘azoda kamida 72 ming nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning chet davlatlar harbiy xizmatiga yollanishi taqiqlangan. Jinoyat kodeksining 154-moddasiga (Yollanish) asosan, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. 154-1-moddaga (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) ko‘ra esa, chet davlatlar harbiy yoki shunga o‘xshash tuzilmalarida xizmat qilganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainadagi urushdan qochishga uringan O‘zbekiston fuqarosiga Rossiyada 7 yil 9 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Live
BarchasiShayxontohur tumanida xonadon yonmoqda
16 fevral