26 mln so‘m evaziga talabalikni va’da qilgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
07 avgust 1288 1 daqiqa
Buxoro viloyatida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 26 mln so‘m olgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Qorako‘l tumani bo‘limi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro X.T. ushlangan. U fuqaro D.O. ning ishonchiga kirib, go‘yoki Qozog‘istondagi oliy o‘quv yurtlaridan birida 1–3 kurslarda tahsil olgani haqida soxta hujjatlar tayyorlab bergan. Shuningdek, yuqori lavozimlarda ishlaydigan tanishlari orqali Buxoro Innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetining tibbiyot yo‘nalishiga 4-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishini va’da qilgan.
Ushbu xizmat evaziga 26 mln so‘m olgan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, fuqarodan 2 000 AQSH dollari talab qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiSariosiyoda terroristik guruh ushlandi
08 avgust