26 dekabrda Quyosh tutiladi
Bu qiziq
−
18 dekabr 2019
10843Joriy yilning 26 dekabr kuni halqasimon Quyosh tutilishi yuz beradi. Ushbu astronomik hodisani O‘zbekistonning barcha hududlarida qisman Quyosh tutilishi shaklida kuzatish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Halqasimon Quyosh tutilishi Quyosh yuzasining markazi Oy tomonidan to‘silganida soya atrofida ingichka yorug‘ halqa hosil bo‘lishidir. Quyosh tutilishining halqasimon bo‘lishi Oy va Yer orasidagi masofaning odatdagiga nisbatan kattaroq bo‘lishi bilan izohlanadi. Oy Yerga qanchalik yaqin paytda tutilish bo‘lsa Quyoshning shunchalik katta qismi to‘siladi.
Ushbu halqasimon Quyosh tutilishini Saudiya Arabistoni, Hindistonning janubiy hududlari va Indoneziya davlatlarining aholisi to‘liq kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tutilishning to‘liq fazasida Oy va Quyosh yuzalarining nisbati 0.960 tashkil qiladi, ya’ni Oy Quyosh yuzasining 96 foizini to‘sadi.
Ushbu Quyosh tutilishi Toshkent vaqti bilan 08:00 da boshlanadi, maksimum fazasi esa 09:00 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh diametrining 38 foizini to‘sadi va Quyoshning gorizontdan balandligi 10.1 yoy gradusni tashkil qiladi. Toshkent shahrida Quyosh tutilishining umumiy davomiyligi 2 soatu 6 daqiqani tashkil etadi. Ushbu muddatlar faqat Toshkent shahri uchun hisoblangan.
Respublikaning eng janubiy hududi Termiz shahrida Quyosh tutilishi 07:50 da boshlanadi, maksimum fazasi esa 08:54 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh diametrining 48 foizini to‘sadi va Quyoshning gorizontdan balandligi 10.8 yoy gradusni tashkil qiladi. Termiz shahrida Quyosh tutilishi 10:06 da yakunlanadi va tutilishning umumiy davomiyligi 2 soat-u 16 daqiqani tashkil etadi.
Respublikaning g‘arbiy hududi Nukus shahrida Quyosh tutilishi 07:55 da boshlanadi, lekin Quyosh 08:31 daqiqa o‘tganda gorizontdan ko‘tariladi, ya’ni tong otadi. Quyosh tutilishning maksimum fazasi esa 08:54 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh diametrining 45 foizini to‘sadi va Quyoshning gorizontdan balandligi 2.8 yoy gradusni tashkil qiladi. Nukus shahrida Quyosh tutilishi 09:59 da yakunlanadi va tutilishining umumiy davomiyligi 2 soat-u 3 daqiqani tashkil etadi.
“Shu o‘rinda ayrim ko‘rsatmalar va maslahatlar berib o‘tamiz. Quyosh tutilishini maxsus Quyosh nurini yutuvchi qora ko‘zoynak, qoramtir tekis shisha yoki payvandlash (svarochnaya) maskasi yordamida kuzatish mumkin”, deyiladi FA xabarida.