23 yillik sir. Islom Karimovga suiqasd qanday amalga oshirilgandi?
Bu qiziq
−
14 yanvar 2022
108814Avvalroq, 1999 yilning 16 fevral kuni Toshkentda uyushtirilgan qator terroristik harakatlarning ishtirokchisi bo‘lgan shaxs 23 yil o‘tib qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. Mazkur terroristik harakat mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga uyushtirilgan suiqasd bo‘lgani bilan ham ahamiyatlidir.
Xo‘sh, 1999 yil 16 fevral voqealari qanday ro‘y berdi? U nega Prezident Karimovga suiqasd sifatida baholangan edi.
Toshkent osmonini qora tutun qoplagan o‘sha mudhish kundagi terroristik akt faqatgina mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi harakat emas, balki O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga suiqasd ham edi.
Shu kuni poytaxt Toshkentning turli hududlarida, jumladan Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar yuz bergan. Ularda 16 nafar kishi qurbon bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.
1991-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan, ayni damdagi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovich Almatov QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik qo‘poruvchilik harakati – 16 fevral voqealarini quyidagicha eslaydi.
“Bilasizmi, terroristik harakatlarni sodir etish uchun juda katta aqlning keragi yo‘q. Yo beliga bomba bog‘lab o‘zini shahid qiladi yoki... Insonning ongini shunchalar zaharlashadiki, u o‘z xalqiga qurol ko‘taradi, qo‘poruvchilik natijasida ziyon yetkazadi.
1999 yillarda sodir etilgan 16 fevral voqeasiga kelsak, xo‘sh, bu kimlar tomonidan sodir etildi? Andijon, Namangan yana boshqa 1-2 viloyatlardan chiqqan yigitlarimiz Chechenistonga borib qolishgan. Ana o‘sha yerdagi urushda qatnashib, arab fuqarosi bo‘lgan Xattab degan terrorchining qo‘liga tushib qolishadi. Shuni tarbiyasini olib, lagerda tayyorgarlikdan o‘tib, maxsus bir portlovchi moddalar bilan ishlashni o‘rganib, O‘zbekistonga kelib, terrorchilik harakatlarini sodir etishgan. Kutilmagan paytda, kutilmagan ahvolda sodir bo‘lgan. Ularning asosiy maqsadi O‘zbekiston Prezidentiga suiqasd qilish, xalqni ichida notinchlik yuzaga keltirish va yana boshqa salbiy oqibatlarga olib kelish edi. Qaysi o‘zbek o‘z xalqiga xiyonat qilib, qonini to‘kadi?”, deydi Almatov.
Zokirjon Almatovning ta’kidlashicha, o‘sha paytda bu voqea Hukumatni dovdiratib qo‘ymagan. Shu kunning o‘zida maxsus reja bilan ish boshlangan. Xalqqa hamma narsa adolatli yetkazilgan va mudhish jinoyatni kimlar sodir etishi mumkinligi aytilgan.
“Oliy Majlisda bo‘lgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari buni xalqqa e’lon qildi. Jinoyatlar qaysi ekstremistik tashkilot tomonidan sodir etilishini izohlab berdi. Ana shu paytda qayerdan bo‘lsa ham jinoyatni sodir etgan jinoyatchilarni topib, zararsizlantirish, O‘zbekistonga olib kelish masalasi bizning oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘yildi. Qisqa vaqtda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli biz jinoyatchilarning iziga tushdik”, deydi sobiq vazir Zokirjon Almatov.
16 voqealari o‘sha davr mutasaddilari xotirasida o‘chmas tamg‘a bo‘lib qolgani tabiiy. Zokirjon Almatov davlat rahbarilan juda katta tanbeh eshitganini xotirlaydi.
“Davlat rahbaridan juda katta tanbeh eshitdik. Bu holat xalqimiz orasida norozilikka sabab bo‘ldi. Ichki ishlar idoralari xodimlari qayoqqa qaradi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, maxfiy xizmat qayoqda edi, degan har xil salbiy gaplarni, iddaolarni eshitdik. Agar biz o‘sha paytda dovdirab, vaziyatni izdan chiqarib yuborsak, to‘g‘ri kelmas edi. Operativ ma’lumotlarga ega bo‘lmaganligimiz oqibatida shu voqealar sodir bo‘ldi. Xalqimizning qoni to‘kildi. Iqtisodiy zarar yetkazildi.
Biz aybni o‘z bo‘ynimizga oldik. Lekin undan keyin bunday voqealar boshqa takrorlanmasligi uchun men juda katta yig‘ilishda, O‘zbekiston televideniyesida, Oliy Majlisda xalqimizga uzrimni ham aytib o‘tdim. Xalqimiz bizga ishondi. Jinoyatchilar fosh etildi. Ko‘pchiligi Turkiya, Rossiya, Qozog‘istan davlatlaridan Toshkentga olib kelindi. Ularning hammasi jinoiy javobgarlikka tortildi”, deb aytib o‘tdi Zokirjon Almatov.
Portlash sodir etilgan vaqtda Mustaqillik maydonida joylashgan Vazirlar Mahkamasi binosida majlis o‘tkazilishi va ushbu majlisda Prezident Karimov ishtirok etishi kerak edi. 1998-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi bo‘lgan Azamat Ziyo o‘sha voqealarni shunday eslaydi:
“Taxminan 09:45 da avtomatdan otilgan o‘q ovozini eshitdim. Keyin Prezident tan soqchilarining biridan so‘radim: — Prezident keldilarmi? U menga, — Deyarli keldilar, mashinalar — deb javb qildi. Men pastga qarab yugurdim. 3-qavatning zinasiga yetganimda juda kuchli portlash sodir bo‘ldi”.
Portlash sodir bo‘lgan o‘sha daqiqalarning o‘zidayoq xavfsizlikni saqlash idoralari, Ichki ishlar va o‘t o‘chirish xizmati xodimlari voqea joyiga yetib boradi.
“Prezidentning mashinalari kelib, portlash ro‘y bergach, ortga qarab ketdi, deyishganidan keyin Prezident devoniga qarab ketdim. Eng qizig‘i, Prezidentning kabinetidagi oynalar zirhlangan oynalar edi, ular ham taram-taram bo‘lib qolgandi. O‘sha ahvolni ko‘rgandan keyin, “Islom aka, boshqa xavfsizroq joyga o‘tarsiz, balki”, deb aytdim. Shunda ISlom aka, “Sen bu gapni bir marta aytding, boshqa takrorlamagin, bu nafaqat menga, balki xalqimizga, davlatimizga, mustaqilligimizga qarshi qilingan xuruj”, dedilar. Shundan keyin yana mashinalariga o‘tirib, tashqariga chiqdilar”, deydi Azamat Ziyo.
Karimov o‘sha vaqtda voqea joyiga yetib bordi. Bu vaqtda esa terrorchilarning qo‘poruvchilik harakatlari hali tinmagandi. U, hatto, televideniyega intervyu berayotganida ortida yana bir portlash sodir etildi.
O‘sha kunga mo‘ljallangan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi bekor qilinmadi. Oliy Majlis binosida o‘tkazildi.
1999 yil 16 fevral voqealar qanday sodir etilgani haqidagi videoni quyida ko‘rishingiz mumkin.
LiveBarchasi