22 yashar qiz o‘limi ortidan eronlik taniqli futbolchi siyosatni qoralab chiqdi

Sport

image

Eron milliy terma jamoasi va “Bayer” klubining futbolchisi Serdar Azmun "noto‘g‘ri" hijob taqqani uchun hibsga olingan va halok bo‘lgan ayolning yonini oldi. Bu haqada Serdar Instagram sahifasida post qoldirgan.

Serdar  Azmun fikrlari uchun terma jamoadan chetlatiladigan bo‘lsa, bu jazo nohaq o‘lim topgan ayolning bir tola sochiga ham arzimasligini urg‘ulagan.

“Terma jamoa reglamentiga ko‘ra, yig‘in tugaguniga qadar gapirishimiz taqiqlangan. Ammo men jim tura olmayman. Buning uchun terma jamoadan chetlatiladigan bo‘lsam, bu qurbonlik eronlik ayolning bir tola sochiga ham arzimaydi. Ushbu post hech qachon o‘chirilmaydi. Odamlarni osongina o‘ldirganingiz uchun uyat. Olg‘a, eronlik ayollar”, deb yozgan “Bayer” hujumchisi.

Azmun postini hech qachon o‘chirmasligini aytgan bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay uning Instagram sahifasidagi barcha postlar ochirib tashlandi. Katta ehtimol bilan Azmunni shunday qilishga majburlashgan bo‘lishi mumkin. E’tiborli jihati shundaki, eronlik taniqli sportchilar siyosat bilan bog‘liq vaziyatlarga deyarli munosabat bildirishmaydi. Serdar esa stereotiplarni parchalay oldi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.

Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi. 

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan hafta hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Eron Inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, ular orasida o‘smirlar, qariyalar va bir nafar 10 yoshli qiz ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

Serdar Azmun

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing