212 nafar O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi
Jamiyat
−
17 mart 2020
13247Koronavirusning geografik qamrovi kengayib borayotgani sababli o‘qish, biznes, sayohat va boshqa ezgu maqsadlar bilan dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarani ortga qaytarish hukumatining diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Kecha, 16 mart kuni Namangan xalqaro aeroportiga Erondan va Riga shahridan charter reys bilan uchgan Mudofaa vazirligiga qarashli yuk-transport samolyoti va “Uzbekistn Airways” MAK ning zamonaviy layneri 15 daqiqa oraliq farqi bilan, ya’ni soat 21:45 va 22:00 da qo‘ndi. Ularning bortida Eron (37 kishi) va Latviya (175) davlatlaridan olib kelingan jami 200 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarolari bor edi.
Maxsus reyslar yo‘lovchilari viloyat hokimligi huzurida tuzilgan shtab, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sanitariya epidemiologiya nazorati markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi komissiyalari tomonidan koronavirus tarqalishi profilaktikasiga doir belgilangan chora-tadbirlar asosida kutib olindi.
Dastlab maxsus kiyim-boshlar bilan himoyalangan tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan yo‘lovchilar birma-bir dezinfeksiya qilinib keyin samolyotdan chiqarildi va ular avtobuslarda tibbiy nazorat karantinida saqlash uchun tayyorlab qo‘yilgan tibbiyot muassasalariga jo‘natildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Mo‘minov so‘zlariga ko‘ra, Eron va Rigadan olib kelingan fuqarolar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Kosonsoy sihatgohlaridagi maxsus tayyorlab qo‘yilgan joylarga yotqizib, 14 kunlik karantin nazoratiga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni soat 06:00 da qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan bemor – oliy toifali shifokor 11 mart kuni Fransiyadan qaytgan bo‘lgan. Ayni vaqtda ushbuvirusni yuqtirib olgan bemorlar soni 8 nafarga yetdi.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 182 609 kishi koronavirusga chalingan. Shundan, 7171 nafar bemor vafot etgan, 79 883 nafar bemor xastalikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi