21 yoshdan so‘ng nikohdan o‘tganlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi
Jamiyat
−
03 mart 9814 2 daqiqa
O‘zbekistonda nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etiladi. Bu haqda bugun, 3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar qatorida keltirilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatda erta nikoh, erta yoshdagi tug‘uruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga oila institutini mustahkamlash jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim yo‘nalishi sifatida doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Ushbu masalalar eng yuqori darajada bir necha bor muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan. Ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash tashkil etilgan va qisqa muddatlarda amaliy takliflarni ishlab chiqish topshirilgan.
O‘zbekistonda nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar o‘rtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lishi haqidagi tavsiyalari asosida quyidagi tashabbuslar bildirilgan:
- nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;
- davlat bojidan imtiyozlar berish yo‘li bilan nikohlanuvchilar o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish;
- nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish;
- erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish bo‘yicha idoralararo zanjirni yo‘lga qo‘yish, bunda qayd etilgan holatlar haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash;
- homilador yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun ta’limni davom ettirish imkonini berish orqali ularni ta’limdan tushib qolishining oldini olish va boshqalar taklif etilgan.
Davlat rahbari bildirilgan tashabbuslarni ma’qullab, tegishli farmonga imzo chekkan hamda sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar bilan nikoh uchun jarimalar keskin oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi