2050 yilgacha Sirdaryo suvi 5 foizga, Amudaryo suvi 15 foizgacha kamayishi mumkin

Jamiyat

image

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Talabga nisbatan yetishmaydigan suvning qariyb 12 mlrd kub metr qismi suv iqtisod qilish tadbirlari hisobiga qoplanib, O‘zbekistonda 2030 yilga borib yetishmaydigan suv 3 mlrd kub metrni tashkil qilishi mumkin. Bu haqda 6 fevral kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasinining 2023 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida keltirib o‘tilgan.

Dasturga binoan Suv xo‘jaligi vazirligiga (Shavkat Xamroyev) 2023 yil yakuniga qadar suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish topshirig‘i berilgan. Shuningdek, vazir Shavkat Hamroyevga zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 mlrd kub metr suv iqtisod qilinishini hamda 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sug‘orishga yo‘naltirilishini ta’minlash vazifasi yuklangan.

“Natijada, suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya 
va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali 2023 yilda kamida 7 mlrd kub metr suvni iqtisod qilib, 300 ming gektar takroriy ekinlar sug‘orishga yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi”, deyilgan dasturda.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida 2023 yilda:

  • suv resurslarini boshqarishda “vazir-mirob-fermer” uzluksiz tizimini yo‘lga qo‘yish hamda suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suvni yetkazib berishdagi tabiiy yo‘qotishlar salmog‘i 10 foizgacha kamaytirilishi;
  • suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning 25 foizi tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirilishi belgilangan.

Bunda suv resurslari to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlar chegarasigacha yetkazib berilishi hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi.

“Ichki xo‘jalik sug‘orish tarmoqlarining 77 foiz (119,5 ming km) sug‘orish tarmog‘i tuproq o‘zanli bo‘lib, 44 foiz (68,3 ming km) tarmoq ta’mirlash 
va tiklashga, 10 foiz (15,5 ming km) tarmoq esa, rekonstruksiya qilishga muhtoj. Suv iste’molchilarining suv olish joylari esa aksariyat holda suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan. Shu sababli, irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti past bo‘lib, asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sug‘orish tarmoqlarida yo‘qotilmoqda”, deyilgan dasturda.

Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimini joriy etish maqsadida 13 mingta suv xo‘jaligi ob’ektlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni Davlat byudjeti mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan moliyalashtirish choralarini ko‘rishi belgilangan.
Bunda 16 ta yirik nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.

Dasturda Raqamli texnologiyalar vazirligiga ham vazifalar yuklangan. Vazirlik Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 13 mingta suv xo‘jaligi ob’ektlari raqamlashtirilishini ta’minlashi kerak.

“Natijada, 2023 yilda jami 13 057 ta suv xo‘jaligi ob’ektida raqamli texnologiyalar joriy qilinib, shundan 10 937 ta ob’ektda “Aqlli suv” qurilmalari o‘rnatiladi, suvning hisobini onlayn rejimda monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi, 2 100 ta meliorativ kuzatuv quduqlari avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga o‘tkaziladi, 20 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi”, deyilgan dasturda.

Shuningdek, respublika bo‘ylab suvning aniq hisob-kitobini yuritish, suvdan belgilangan limit asosida foydalanish hamda suvni operativ boshqarish imkoniyati oshiriladi, suv manbalaridagi mavjud suvlardan foydalanish samaradorligi ortishiga va loyiha hududlarida 2-5 foizgacha suv resurslari iqtisod qilinishiga erish kerakligi belgilangan.Suv xo‘jaligi ob’ektlarini raqamlashtirish ishlariga esa jami 390 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo suv Amudaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing