Sirdaryoda pora olgan YPX inspektori qamaldi
3-sahifa
−
14 noyabr
7236Sirdaryo viloyatida 400 AQSH dollari evaziga tekshiruv materiallarini yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchining foydasiga hal qilishni va sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirishni va’da qilgan inspektor ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda YHXX katta inspektori YTH yuz bergan joyga yetib borgan. U hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirib, yo‘lovchilardan birining tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasi tayinlagan. Haydovchining boshqaruvidagi mashinani shu kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirgan. Oradan 4-5 kun o‘tgach, haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan.
U tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud-tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilgan. Buning evaziga haydovchidan 400 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan.
Haydovchi xodimning bu taklifiga rozi bo‘lmagan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida YHXX katta inspektori o‘z xizmat xonasida 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan sud ishi Guliston shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda to‘yona sifatida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘iga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
LiveBarchasi