2026 yilning eng “olifta” iti aniqlandi

Bu qiziq

image

Moda haqidagi mashhur “Vogue” jurnali uy hayvonlariga bag‘ishlangan tanlovda 2026 yilning eng po‘rim itini aniqladi. Bu haqda kecha, 18 avgust kuni jurnal saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, tanlov egalari tomonidan o‘z itlarining suratlari bilan yuborilgan minglab arizalar asosida o‘tkazilgan. Tanlov hakamlari g‘olibni suratning kompozitsiyasi, surat orqali ochib berilgan itning xarakteri va jurnalning moda ruhiga mosligini aks ettiruvchi “dogueness” mezoni bo‘yicha tanlab olgan.

Yakunda 2026 yilgi tanlov g‘olibi deb Ser Spad (Sir Spud) laqabli italiyalik greyxaund (kichik tozi) zotiga mansub it topilgan. U o‘zining mukammal og‘ir-bosiqligi va sinchkov qarashi bilan hakamlar e’tiborini qozongan. 

“Hakamlarimiz 25 nafar finalchining suratlari stol ustida tartib bilan terib qo‘yilgan majlislar zaliga kirib kelishganda, havoda og‘ir sukunat cho‘kkan edi. Da’vogarlar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilgach, shiddatli muhokama va bahs-munozaralar boshlandi va faqat birgina “Dogue” g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. “Vogue”ning 2026 yilgi “Dogue” tanlovi g‘olibi – Ser Spad!  

Hammasi bizning rasmiy mezonlarimizga borib taqaldi: fotokompozitsiya (50 foiz), surat orqali ochib berilgan itning xarakteri (25 foiz) va haqiqiy “dogueness” (moda ruhiga moslik) (25 foiz). Ser Spad avvaliga o‘zining mukammal og‘ir-bosiq holati bilan e’tiborimizni tortdi, so‘ng o‘zining dono va shu bilan birga juda sinchkov qarashlari bilan bizni butunlay mahliyo qildi”, deyiladi jurnal xabarida.

“Vogue”ning qo‘shimcha qilishicha, g‘olib it moda olamidagi uy hayvonlariga bag‘ishlangan “Dogue” raqamli jurnalining muqovasida paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro hakamlar hay’ati ilk bor dunyodagi eng go‘zal so‘zni tanlagan edi. Bu Yangi Zelandiyaning tub aholisi bo‘lmish maori xalqi tilidagi “kaytiakitanga” (kaitiakitanga) so‘zi bo‘lib, u o‘zbek va boshqa ko‘plab tillarda aniq muqobilga ega emas.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing