2025 yildan bog‘chalarda davomat avtomatlashtiriladi

Jamiyat

image

2025 yildan boshlab bog‘cha xodimlari va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash maqsadida davlat byudjetidan kamida 50 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 18 dekabrda qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirish va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 30 sentyabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosariga ta’lim sifatini ta’minlash, pedagog xodimlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga innovatsiyalar, ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish vazifalari yuklatilgandi.

Davlat MTTlarida xodimlar ish haqini, oziq-ovqat xarajatlari, ota-onalarga aliment bo‘yicha to‘lovlar va boshqa to‘lovlarni biometrik identifikatsiya texnologiyasidan foydalangan holda avtomatik hisoblash joriy etiladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarini hisobga olish, bolalarni navbatga qo‘yish va MTTga joylashtirish uchun yo‘llanmalarni shakllantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Bolalar bog‘chasi” maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida amalga oshiriladi.

2025 yil 1 fevraldan Toshkent shahrida sinov tariqasida, 2025 yil 1 iyuldan esa barcha davlat MTTlarida “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomati, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olish joriy etiladi.

“Bolalar bog‘chasi” axborot tizimiga xizmat ko‘rsatish, uni qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni “UZINFOCOM” MCHJ tizim operatori amalga oshiradi, bunda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ota-onalar badalining 2 foizi yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan kamida 50 milliard so‘m ajratadi.

2025 yil 1 iyuldan fiskal belgili kassa cheki berilmasdan ota-onalar to‘lovlarini qabul qilish taqiqlanadi. Ota-onalar to‘lovlarining tushumi to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlarining axborot tizimiga avtomatik tarzda uzatiladi va qonun hujjatlariga muvofiq daromad solig‘idan ozod qilishni qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

bog'chala davomat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing