2025 yil uchun Davlat byudjeti loyihasi e’lon qilindi
Jamiyat
−
29 Oktabr
7258“2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va Byudjetnoma ishlab chiqildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
- Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 29-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, unda:
- 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining, shu jumladan, Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari prognozi hamda 2026 – 2027-yillar uchun mo‘ljallari;
- asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning prognozlari;
- birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 2025-yilda ajratilayotgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari;
- O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratilayotgan tartibga soluvchi transfertlar;
- Davlat qarzining va davlat-xususiy sheriklik loyihalarining hamda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan hajmlari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.
Qayd etilishicha, 2025 yil uchun Davlat byudjeti loyihasi va 2026-2027 yillar uchun byudjet mo‘ljallari asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqilgan. Xususan, 2025 yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish sur’atlari sanoatda ishlab chiqarishni 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,1 foizga, bozor xizmatlari 14,5 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlanishi prognoz qilinmoqda.
Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishish maqsad qilingan.
O‘rta muddatda soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari:
- konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini 2025-2027 yillarda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;
- o‘rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish;
- byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish;
- soliq va byudjet siyosatini bosqichma-bosqich Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish;
- davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizlik makroiqtisodiy xavfsiz darajadan oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish, bunda o‘rta muddatda YAIMga nisbatan 50 foizdan oshirmaslik;
- yillik byudjetni shakllantirishda “Natijaga yo‘naltirilgan byudjet” tizimini bosqichma-bosqich to‘laqonli joriy etish;
- ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borish;
- byudjet ochiqligini ta’minlash hamda byudjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yanada oshirish;
- Davlat sektorida ichki nazorat va ichki auditni takomillashtirish va kuchaytirish;
- Davlat byudjeti loyihasini tayyorlash hamda ko‘rib chiqishda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini aks ettirish;
- “Yashil byudjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish;
- atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o‘zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag‘batlantiruvchi tadbirlar ustuvorligini ta’minlash;
- xalqaro ekspertlar bilan birgalikda byudjet xarajatlari tuzilmasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish.
Ushbu maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2025 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari (byudjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 66,5 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 117,2 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, Davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 54,4 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan.
Xususan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 58,9 trln so‘m, xarajatlari 74,9 trln so‘mni tashkil etgan holda Davlat byudjetidan 18,5 trln so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining (Davlat byudjeti, Davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar bilan birga) yuqori chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz yoki 49,3 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.
Bunda, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari 32,4 trln so‘m yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan. Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining taqchilligi Davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish, davlat aktivlarini xususiylashtirish hisobidan tushadigan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
2025 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining yuqori chegarasi 3 foiz etib belgilanishi sababli tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd AQSH dollari, shundan Davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash uchun – 3 mlrd AQSH dollari, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmini 30 trln so‘m miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr