2024 yilning 5 oyi davomida 65 nafar o‘quvchi YTH qurboni bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda dastlabki 5 oyda 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohati olgan. Bu haqda kecha, 25 iyun kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida 2023 yilda respublika bo‘yicha qariyb 8 mingta ob’ektda umumiy qiymati 13,5 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Natijada, joriy yilning 5 oyi davomida yo‘l-transport hodisalari soni 7,2 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 8,7 foizga kamaygan. 

Shu bilan birga, yo‘l-transport hodisalarining 57 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinmagani oqibatida sodir etilgan. Hodisalarning 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bog‘liq holatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Ta’kidlanishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, tegishli svetoforlar o‘rnatilmagan. 
Yo‘llarda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmagani sababli 2023 yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan. 

Sodir etilgan 9839 ta YTH oqibatida 9209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. 

2023 yilda bolalar bilan bog‘liq 1794 ta YTH sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan. O‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining salmog‘i Samarqand, Toshkent (80 tadan), Farg‘ona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida hamon yuqori ekani qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

YTH

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing