2024 yildagi eng qadrsiz valyuta ma’lum qilindi

Olam

image

Joriy yilda Braziliya reali AQSH dollariga nisbatan eng ko‘p – 20 foizdan ortiqqa qadrsizlangan valyuta bo‘ldi. Bu haqda “The Economist” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Janubiy Amerikaning eng katta iqtisodiyotida hozir 1 dollar rekord darajada qimmat – 6,2 realga baholanmoqda.

“Bu inqirozning sababi – iqtisodiy noaniqlik, ziddiyatli siyosat va investorlarning ishonchsizligiga bog‘liq”, deyiladi xabarda.

Nashrga ko‘ra, Prezident Lula da Silva boshchiligidagi hukumat xarajatlarni kamaytirish uchun choralar ko‘rdi, jumladan, davlat xodimlari uchun ish haqi cheklovlarini joriy etdi. Lekin, shu bilan birga, kam daromadli va o‘rta daromadli aholi uchun soliq imtiyozlari va’da qilindi. Investorlar esa bu harakatlarni hukumatning moliyaviy intizomga jiddiy yondashmagani sifatida baholadi. Bu holat, xususan, Braziliyaning byudjet tanqisligi (YAIMning 10 foiziga yaqin) va davlat qarzi (YAIMning 90 foizi) fonida kuchaydi. 

Braziliya Markaziy banki vaziyatni barqarorlashtirishga harakat qildi: sentyabrdan beri uch marta foiz stavkalari oshirildi, 3 milliard dollardan ortiq zaxiralar ishlatildi, lekin bu choralar natija bermadi. Hozirga kelib, ikki yillik davlat obligatsiyalarining daromadliligi 15 foizdan oshgan, bu esa investorlarning jiddiy xavotirini ko‘rsatadi.

Ekspertlarning fikricha, mamlakat moliyaviy intizomni kuchaytirish uchun tezkor choralar ko‘rishi kerak. Busiz realning qadrsizlanishi va iqtisodiy qiyinchiliklarni to‘xtatib bo‘lmaydi. Braziliya o‘zining tarkibiy muammolarini hal etmasa, inqiroz yanada chuqurlashishi mumkin


Maqola muallifi

Teglar

valyuta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing