2022 yilda uy uchun subsidiyaning 40 foizi ayollarga ajratiladi
Jamiyat
−
07 mart 2022
8969Joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu haqda bugun, 7 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali tadbirdagi nutqida aytib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatini beradi.
“Faqat va faqat ayollarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun 15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib albatta, qaytadi.
Duogo‘y momolarimiz, mushtipar onalarimiz va aziz opa-singillarimiz bu ehtirom va e’tiborning albatta qadriga yetadilar.
Ayol qadri, inson qadri ulug‘langan yurtda esa, tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror bo‘ladi”, degan Prezident Mirziyoyev.
Avvalroq Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida “Olima ayollar jamiyati” tuzilishi haqida xabar bergan edik. Jamiyatga har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
LiveBarchasi