2022 yilda xotin-qizlarga yordam berish uchun rekord darajada mablag‘ zarur – BMT

Olam

image
0:00
0:00
download

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi xalqaro hamjamiyatdan 61 mamlakatdagi 54 million xotin-qizlarga va yoshlarni katta inqiroz sharoitida qo‘llab-quvvatlash uchun rekord darajadagi 835 million dollar so‘ragan.

Pandemiya gender tengsizlikni yanada kuchaytirdi, zo‘ravonlik darajasini oshirdi va bu hodisalarga qarshi kurash dasturlari to‘xtatilgani sababli, bolalar nikohi ortdi. Ayollarning katta qismi bolalari yoki yoshi katta qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilish zarurati tufayli ishsiz qoldi yoki ishdan ketishga majbur bo‘ldi, bu esa ularning moddiy ahvoliga jiddiy putur yetkazdi.

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi xalqaro hamjamiyatni inqirozning millionlab odamlarga ta’sirini yumshatish, ularga munosib hayot kechirish uchun moliyaviy yordam berishga chaqiradi. Gap reproduktiv salomatlik, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash, psixologik yordam va boshqa dasturlar sohasidagi xizmatlar haqida bormoqda.

Pandemiyaga qaramay, joriy yilda Aholishunoslik jamg‘armasi 29 million ayolga, shuningdek, 2,4 million oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga, jumladan, boshpana olgan 12 ming nafar ayolga reproduktiv salomatlik bo‘yicha yordam ko‘rsatgan. 

Qayd etilishicha, Yaman ayollari juda ham og‘ir ahvolda. Shu sabab jamg‘arma kelgusi yilda ushbu mamlakatdagi operatsiyalar uchun taxminan 100 million dollar ajratgan. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, Yamanda har ikki soatda bir ayol tug‘uruq vaqtida vafot etadi, millionlab homilador ayollar to‘yib ovqatlanmaydi.

O‘tgan yili Aholishunoslik jamg‘armasidan Ukraina taxminan 1,4 million dollar so‘ragan, biroq shundan atigi 800 ming dollarni qo‘lga kiritgan. Joriy yilda esa jamg‘armadan 1,3 million dollar so‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing