2021 yilda antirekordlar ko‘p bo‘ldi – BMT iqlim o‘zgarishi xavfidan ogohlantirdi
Bu qiziq
−
19 may 2022
5856Iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan ekstremal ob-havo odamlar hayotiga tobora ta’sir qilmoqda. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkilotining so‘nggi hisobotida aytilgan.
Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil dengiz sathining global ko‘tarilishi, uning isishi va atmosferada issiqxona gazlari konsentratsiyasi bo‘yicha rekord yil bo‘lgan. Yillik hisobotda, shuningdek, atmosferadagi karbonat angidrid miqdorining oshishi okeanlarning kislotaliligi oshishiga olib kelayotgani, bu esa, o‘z navbatida, dengiz hayotining barcha shakllariga tahdid solayotgani qayd etilgan.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, bularning barchasi insonning iqlimga ta’siridan dalolat beradi va bunday ta’sirning oqibatlari juda jiddiy va halokatli bo‘lishi mumkin. Doimiy ravishda bartaraf etilishi kerak bo‘lgan tabiiy ofatlar ko‘plab insonlarning hayotiga zomin bo‘lishi va yuzlab milliard dollar zarar keltirishi mumkin.
“Iqlim bizning ko‘z o‘ngimizda o‘zgarmoqda va ekstremal ob-havo sharoitlari kundalik hayotimizga ta’sir qilmoqda”, degan JMT bosh kotibi professor Petteri Taalas.
Ta’kidlanishicha, 2021 yilda dengiz sathining ko‘tarilishi ham avvalgi barcha rekordlarni yangilagan. Muzliklarning erishi va okeanning termal kengayishi tufayli 1993 yildan beri u 10 santimetr ko‘tarilgan. Bu esa, o‘z navbatida, yuzlab million qirg‘oq aholisining hayotini xavf ostiga qo‘yib, bo‘ronlar va siklonlar xavfini oshiradi.
Qayd etilishicha, atmosferadagi karbonat angidridning deyarli to‘rtdan bir qismi okeanlar tomonidan so‘riladi, ammo bu ularning kislotalilik darajasini sezilarli darajada oshiradi. Olimlarning eslatishicha, bu marjon va mollyuskalarning barcha turlariga tahdid soladi, bu esa o‘z navbatida oziq-ovqat zanjirlarini uzishi, qirg‘oq ekotizimlarini buzishi va ko‘plab mamlakatlar uchun asosiy daromad manbai bo‘lgan turizmga zarba berishi mumkin.
Hisobotda, shuningdek, CO2 va boshqa zararli issiqxona gazi 2021 yilda rekord darajaga yetgani qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, o‘rtacha harorat ham sanoatdan oldingi davrga nisbatan 1,1 darajaga ko‘tarilgan va jahon kuchlari tomonidan belgilangan 1,5 daraja chegarasiga tezlik bilan yaqinlashmoqda, shundan so‘ng iqlim oqibatlari haqiqatan ham halokatli bo‘lishi mumkin, deb ishoniladi.
Bundan tashqari, tashkilot 2021 yilda AQSHning g‘arbiy qismida va O‘rtayer dengizida qayd etilgan misli ko‘rilmagan issiqlik to‘lqinini, Xitoy va G‘arbiy Yevropada halokatli suv toshqini va Grenlandiya muz qatlamiga birinchi yomg‘ir yog‘ganini eslatadi. Shu bilan birga, Sharqiy Afrikada to‘rtinchi yil ketma-ket yomg‘ir umuman yog‘magani xavfi hamon saqlanib qolmoqda, bu esa so‘nggi 40 yildagi eng kuchli qurg‘oqchilikni keltirib chiqarishi mumkin.
“Bugungi iqlim holati to‘g‘risidagi hisobot insoniyatning iqlim o‘zgarishi bilan kurashishdagi muvaffaqiyatsizliklarining qayg‘uli ro‘yxatidir. Barqaror kelajakning yagona kafolati qayta tiklanadigan energiya manbalaridir. Shamol va quyosh energiyasidan foydalanish oson va ko‘p hollarda ko‘mir va boshqa qazilma yoqilg‘ilarga qaraganda arzonroqdir. Agar biz birgalikda harakat qilsak, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish XXI asrning tinch loyihasi bo‘lishi mumkin”, degan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
LiveBarchasi