2021 – 2023 yillarda YAIMning asosiy ulushi qaysi tarmoqlarga to‘g‘ri keladi?
Jamiyat
−
02 dekabr 2020
97852021 – 2023 yillarda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot tarmoqlari tarkibida qurilish va sanoat tarmoqlarining ulushi o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda 2021 yil uchun byudjet loyihasida so‘z boradi.
Yalpi ichki mahsulot tarkibida yuqori ko‘rsatkich 2019 va 2020 yillardagi kabi 2021 – 2023 yillarda ham xizmatlar sohasiga tegishli bo‘ladi. 2021 yilda xizmatlar sohasining YAIMdagi ulushi 35,5, 2022 yilda 35,2, 2023 yilda 34,3 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda 36,2, 2020 yilda esa 35,5 bo‘lgan.
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YAIMdagi ulushi 2020 yilga (29,5%) nisbatan 2021 yilda biroz pasayadi va 29,3 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ushbu tarmoqning 2022 yilda YAIMdagi ulushi 28,4 foizga, 2023 yilda esa 27,9 foizga tushadi.
Qurilish sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi oshishda davom etmoqda. 2019 yilda ushbu tarmoq 6,6 foiz ulushga ega bo‘lgan edi. 2020 yilda 7 foiz natija qayd etildi. Keyingi yilda ko‘rsatkich 7,1, 2022 yilda 7,5, 2023 yilda 7,6 foizga yetishi kutilmoqda.
Sanoat sohasida ham o‘tgan yilgiga nisbatan tushish kuzatildi. 2019 yilda sanoatning YAIMdagi ulushi 29,1 foiz bo‘lgan edi. 2020 yilda ulush 28 foizga tushdi. 2021 yilda ham o‘sish u qadar yuqori bo‘lmaydi. Sanoatning YAIMdagi ulushi 28,1 foiz bo‘lishi kutilmoqda. 2022 yilda 28,9, 2023 yilda esa 30,2 foizga yetishi mumkin.
LiveBarchasi