2020 yildan metroda xorijiy tilda ovoz va informatsion ekranlar qo‘yiladi
Jamiyat
−
13 dekabr 2019
2492Kuni kecha, IIV tomonidan “Turizm va transport ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yig‘ilgan OAV vakillari tomonidan ichki ishlar mas’ullariga savollar berildi. Jumladan, metropolitenda faqatgina o‘zbekcha ovoz va xaritalar mavjudligi, turistlarning o‘z manziliga yetishdagi muammolar haqida so‘z yuritildi.
“To‘g‘ri savol berdingiz. Biz bu masalada ishlarni boshlab yuborganmiz. Metropoliten rahbariyati bilan maslahatlashdik. 2020 yildan metroda, avvalo, ingliz tilida yo‘l ko‘rsatkichlar, turistlar uchun informatsion ekranlar va boshqa bir qator qulayliklar yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ingliz tilida ovozli ma’lumotlar beriladi”, – deya ma’lum qildi Oleg Bichenov.
Tadbir davomida xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari 91 mingdan ortiq xorijiy va mahalliy turistning murojaatlari ko‘rib chiqilib, zarur yordam ko‘rsatilgani aytildi.
Ma’lumot o‘rnida, metropoliten yo‘llari uzunligi 36,2 kilometrni tashkil etib, bu masofada joylashgan 29 ta bekatda jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlari shu bo‘linma xodimlari zimmasiga yuklatilgan.
Metropolitenda yo‘lovchilar aylanmasining soni bir kunda taxminan 182 mingtani tashkil etadi. Joriy yilning o‘tgan davri davomida metropolitenda 60 mln. dan ortiq yo‘lovchilar tashilgan.
LiveBarchasi