2020 yildan ayrim OTMlar o‘zini-o‘zini moliyalashtiradi
Jamiyat
−
12 iyul 2019
2500O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qaror bilan Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2020 yildan boshlab ta’lim xizmatlari bozorida oliy ta’lim muassasalarining ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga talab yuqoriligi va moliyaviy barqarorligini inobatga olib, ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish tartibini 2019 yil 1 sentyabrga qadar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalariga quyidagi huquqlar beriladi:
a) yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlari miqdorlarini mustaqil belgilash;
b) iqtidorli, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
v) saqlash xarajatlari, vazifa va majburiyatlarni bajarish, o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy ta’minotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa ob’ektlar), shu jumladan, kitoblar, jurnallar, o‘quv adabiyotlari xarid qilish va chop ettirish uchun mablag‘larni mustaqil sarflash;
g) oliy ta’lim muassasasi infratuzilmasiga servis xizmatlari ko‘rsatishning alohida turlari, jumladan, bino va inshootlar, talabalar turar joylari, sport ob’ektlaridan foydalanish, ularni tozalash, ta’mirlash, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va yuridik xizmatlar ko‘rsatishni autsorsing shartlarida tashkil etish;
d) bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda:
oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish;
oliy ta’lim muassasasini o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash.