2020 yilda radarlar necha milliardlik qoidabuzarlikni qayd etgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Kecha, 30 iyun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda mas’ul vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokida avtotransport vositalarini boshqarishda yo‘llarda belgilangan tezlikka rioya etilishini radarlar, shuningdek, statsionar va ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda nazorat qilinishi bo‘yicha o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, 2018-2020 yillar davomida foto va video maxsus vositalari orqali aniqlangan yo‘l harakati qoidabuzarliklari va ularga nisbatan belgilangan jarimalar 2018 yil davomida foto va video maxsus vositalar orqali 621 355 ta qoidabuzarliklar bo‘yicha 208,4 mlrd. so‘mlik jarimalar belgilangan bo‘lsa, 2019 yilda 1 227 844 ta holatda 481,8 mlrd. so‘mlik, 2020 yilda esa 1 763 691 ta holatda 724.6 mlrd. so‘mlik jarimalar qo‘llanilgan. Bu 2018 yilga nisbatan aholi tomonidan to‘langan jarima summasi miqdori 28,3 foizga oshgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi taqdim etgan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun rasmiylashtirilgan ma’muriy qarorlardan norozi bo‘lib sudga shikoyat qilish holatlari ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

E’tiborli jihati, murojaat qilganlarning aksariyatini shikoyati sud tomonidan qanoatlantirilgan. Xususan, 2020 yil davomida 19 134 ta shu soha bo‘yicha sudlarda ko‘rilgan ishlarning 89,2 foizi, ya’ni 17 073 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 5 778 ta ish bo‘yicha ishni yuritishni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 2021 yilning 1-choragida 3 481 ta ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlardan 2 612 tasi yoxud 75 foiz ishlar qanoatlantirilgan.

Tadbirda qayd etilganidek, qonunchilikka binoan yo‘llarda avtomobil haydovchilari belgilangan tezlikka rioya etishi radarlar yordamida nazorat qilinayotganligini bildiruvchi yo‘l belgisi harakatlanish tezligi nazoratga olingan barcha joylarga o‘rnatilishi shart. Statsionar maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda doimiy yo‘l belgilarini, ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda esa ko‘chma ustunga vaqtinchalik yo‘l belgilarini o‘rnatish belgilangan. Ammo, deputatlar amalda bu tartibga har doim ham amal qilinmayotganini ta’kidlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

radar jarima

Baholaganlar

97

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing