2019-2025 yillarda aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilishga oid Prezident qarori imzolandi
Jamiyat
−
14 fevral 2019
5922O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 13 fevral kuni “2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
O‘tgan vaqt mobaynida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish milliy xizmatini takomillashtirish, ruhiy holati buzilishidan aziyat chekuvchi shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimining barcha darajalarida muayyan ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3606-son qaroriga muvofiq aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, psixiatriya muassasalarini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash (qo‘shimcha jihozlash), shuningdek, respublika psixiatriya muassasalari binolarini qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari bajarilmoqda.
Jumladan, “psixiatriya” yo‘nalishi bo‘yicha davlat grantlari asosida magistraturaga qabul kvotalari oshirildi, oliy tibbiy ta’lim muassasalarining psixiatriya kafedralarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlari faollashdi. Ilk bor ruhiy xastaliklarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish, sifatli psixiatriya yordami ko‘rsatishni tashkil etish, ruhiy holat buzilishining oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini 2019-2020 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda – Kompleks chora-tadbirlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Konsepsiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yo‘lida ma’muriyatchilik sifatini oshirish, psixiatriya xizmati bilandavlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorliktizimini shakllantirish;
aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini innovatsion rivojlantirish, ruhiy xastaliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va tatbiq etish;
aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida xususiy tibbiyot amaliyoti rivojlanishini rag‘batlantirish;
ruhiy holat buzilishi alomatlariga ega bo‘lgan insonlarga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanishi va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ruhiyati buzilgan shaxslar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishi uchun teng shart-sharoitlarni ta’minlash;
ruhiy salomatlikni muhofaza qilish masalalarida aholining xabardorlik darajasini oshirish, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan noto‘g‘ri tasavvurlarga barham berish;
yordamga muhtoj bo‘lgan aholining barcha yoshdagi guruhlarini psixiatriya yordami bilan qamrab olish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish;
aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini bilan integratsiya qilish;
aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
psixiatriya yordamini ko‘rsatishda, ayniqsa, respublika hududlarida idoralararo multidissiplinar brigada ishi modelini joriy etish;
psixiatriya yordamini ko‘rsatuvchi amaldagi muassasalar negizida faol terapiyaga va keng ko‘lamli davolash-reabilitatsiya kompleks tadbirlari o‘tkazishga, kundalik vrachlar kuzatuvida bo‘lishga muhtoj bo‘lgan, biroq kunu tun psixiatriya statsionariga joylashtirilishi shart bo‘lmagan ruhiy holati buzilishi zo‘rayadigan yoki kompensatsiyasi buziladigan shaxslar uchun kunduzgi statsionarlar faoliyatini tashkil etish;
psixiatriya yordamini ko‘rsatuvchi muassasalar moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularni rekonstruksiya qilish va zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash (qo‘shimcha jihozlash).
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlarini kiritish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami ko‘rsatilishi vaqtida davlat tizimi doirasida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.K.Shodmonov):
psixiatriya yordamini olish imkoniyati, uning samaradorligi va sifatini oshirish, ruhiy holatlar buzilishining ijtimoiy va iqtisodiy yukini kamaytirish, shuningdek, aholining ko‘rsatilayotgan davolash-diagnostika va tibbiy-reabilitatsiya yordamidan to‘liq qoniqish hosil qilishiga erishish maqsadidaaholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati faoliyatini yanada maqbullashtirish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari amaliyotiga ruhiy holatlar buzilishiga tashxis qo‘yish va ularni davolash klinik protokollarini joriy etsin;
ruhiy holati buzilgan shaxslarni zamonaviy yuqori samarali dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rsin;
ish vaqtini xronometrajdan o‘tkazish orqali aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatishda ishtirok etadigan mutaxassislar ish hajmi normativlarini kelgusida shtat normativlariga o‘zgartishlar kiritgan holda qayta ko‘rib chiqsin;
Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot taqdim etgan holda, ularning sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan monitoring o‘tkazilishini ta’minlasin;
Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosiga, shuningdek, aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilishga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni muntazam tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yuzasidan choralar ko‘rsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini tayyorlash va kiritishda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishini nazarda tutsin.
7. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimovga – Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlarni ijro etish yuzasidan mas’ul vazirliklar va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish;
mas’ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish;
ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari rahbarlariga – fundamental
va amaliy fanlar rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan shaxsiy javobgarligi ko‘rsatib o‘tilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qaror maqsadlari va vazifalarini, shuningdek, Konsepsiya va Kompleks chora-tadbirlar ijrosining borishini yoritish bo‘yicha maqolalar va mavzuga doir teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 13 fevral
LiveBarchasi