2019-2020 o‘quv yilida OTMga qabul buyurtma asosida bo‘ladi
Jamiyat
−
13 mart 2019
53712Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “2019-2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:
oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga bo‘lgan davlat ehtiyojining parametrlari ishlab chiqilganligi;
aniq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan davlat buyurtmasi, hamda bitiruvchilarning mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashuvi yuzasidan olib borilgan monitoring natijalari asosida, davlat ehtiyojlari uchun 2019-2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish paramertlari shakllantirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinadi.
Qaror bilan 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab:
oliy ta’lim muassasalariga qabul iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning maqsadli investitsion loyihalarni inobatga olgan holda Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sohalar uchun oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning Davlat buyurtmasi asosida;
qo‘shimcha qabul parametrlari OTM tomonidan mavjud quvvatlari va professor-o‘qituvchilari tarkibi hamda real bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda amalga oshirilishi belgilanadi.
2019-2020 o‘quv yilida OTMlariga davlat buyurtmasi asosida bakalavr, magistratura va maxsus sirtqi bo‘limlarda bakalavrlar yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish parametrlari tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmalariga binoan 2019-2020 o‘quv yilida yuqori malakali tibbiyot, xalq ta’limi, madaniyat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun OTMlariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha maqsadli qabul parametrlari tasdiqlanadi.