2018 yilgi Jahon chempioni faoliyatini yakunladi
Sport
−
16 Sentabr 2025 3218 2 daqiqa
Fransiya terma jamoasi safida Jahon chempioni bo‘lgan Samyuel Umtiti futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Ispaniyaning “Barselona” jamoasi sobiq futbolchisi 31 yoshida butsalarini mixga ilishga qaror qildi. Bu haqda futbolchi Instagram tarmog‘i orqali xabar berdi.
“Ko‘tarilishlar va pasayishlar bo‘lgan faoliyatimni yakunladim. Xayrlashish vaqti keldi... Men futbol uchun borimni berdim va bundan hech qachon afsuslanmayman. Birga o‘ynay olgan barcha klublarim, prezidentlar, murabbiylar va futbolchilarga rahmat aytmoqchiman. Shuningdek, meni doim qo‘llab turganlarga minnatdorlik bildiraman”, deydi Umtiti xayrlashuv postida.
Samyuel Umtiti Fransiya termasi safida 31 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Uning hisobida 4 ta gol bor. U terma jamoa safida 2018 yilda bo‘lib o‘tgan JCHda g‘alaba qozongan.
Himoyachi futbolchilik faoliyati davomida Fransiyaning “Lion”, Ispaniyaning “Barselona”, Italiyaning “Lechche” va Fransiyaning “Lill” kabi top tepgan. U so‘ngi paytlarda takroriy jarohatlar va tizzasidan qilingan operatsiya tufayli kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan edi. Shu sababli futbolchi faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Jarohatlar sababli fransiyalik himoyachi faoliyati davomida jami 208 ta uchrashuvda maydonga tusha olmagan.
Ma’lumot uchun, Umtiti 2016 yilda “Barselona” jamoasiga borib qo‘shilgan edi. Umtiti Ispaniyadagi 7 yillik faoliyati davomida 2 marta La Liga chempionligi va 3 ta Ispaniya qirollik kubogini qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi