2018 yilda prokuratura xodimlariga qancha pora taklif qilingani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Paxtachi tuman prokuraturasi (Samarqand viloyati) tomonidan tuman IIB qo‘riqlash bo‘limi xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan bir guruh shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari o‘tkazish davomida, 2019 yil 8 mart kuni fuqaro X.M. tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish o‘rganuvchi D.B.ning xizmat xonasiga kelib, ayblanuvchilar uning qarindoshi ekanligini ma’lum qilib, ularga nisbatan ayblovni yengillashtirish evaziga 5 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgan, deya xabar berdi Bosh prokuratura Matbuot xizmati.

Tergovchi lavozimida ish o‘rganuvchi D.B.ning bildirgisi asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.M. tuman hududida joylashgan «Kim-Ping» nomli restoranda 5 ming AQSH dollarini D.B.ga pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, 2019 yil 9 mart kuni Namangan viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Sh.J. viloyat prokurori nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, «MQ» MCHJ, «NQ» DUK va «SM» AJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha «WPS» MCHJ rahbari R.E. barcha jinoiy harakatlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qilib, ishga aloqador boshqa shaxslarni javobgarlikka tortmaslik evaziga 10 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilganligini bildirgan.

Ushbu bildirgi asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro R.E. tergovchi Sh.J.ning xizmat xonasida unga 10 ming AQSH dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda prokuratura organlari tizimida xizmat qiluvchi xodimlarga 20 ta holatda 4 ming 200 AQSH dollari hamda 15 mln 424 ming so‘m miqdorida pora taklif qilingan bo‘lsa, 2018 yilda 98 ta holat qayd etilgan bo‘lib, jami 57 ming 500 AQSH dollari hamda 48 mln 885 ming so‘m miqdorida pora taklif qilingan.

Ushbu holatlar yuzasidan 2017 yilda prokuratura xodimlariga pora taklif qilgan 16 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari, 4 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu raqam tegishincha 82 nafar va 16 nafarni tashkil qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya pora prokuratura

Baholaganlar

64

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing