2011 va 2018 yillardagi portlash: Rossiyada aholi da’volari rad etildi
Olam
−
27 dekabr 2021
4903Udmurtiya Respublikasi (Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Respublika) Oliy sudi Pugachyov qishlog‘i aholisini 2011 va 2018 yillarda Mudofaa vazirligi arsenalidagi o‘q-dorilar portlashi oqibatida yetkazilgan ma’naviy zarar uchun tovon to‘lashdan bosh tortdi. Bu haqda “Kommersant’” xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, ariza beruvchilar rad javobi ustidan Rossiya Oliy sudiga shikoyat qilishlari uchun uch oy bor.
2018 yildan beri sakkiz kishi, jumladan, uch nafar bola harbiylar ustidan sudga murojaat qilgan. Ular 2011 yilning 2 dan 3 iyuniga o‘tar kechasi va 2018 yilning 16 mayiga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan portlash va yong‘inlar oqibatida yuzaga kelgan psixologik va ma’naviy zarar hamda stress uchun 300 mingdan 1,5 million rublgacha tovon puli talab qilgan.
2020 yil noyabr oyida Malopurginsk sudi ularning da’volarini rad etib, ular zarar ko‘rganligini isbotlay olmaganini ma’lum qilgan.
Keyinchalik, Udmurtiya Oliy sudi da’vogarlarning shikoyatlarini qisman qanoatlantirgan va ularga 50-80 ming rubl miqdorida tovon to‘lash haqida qaror chiqargan. Ushbu qarorga Mudofaa vazirligi tomonidan oltinchi umumiy yurisdiksiya kassatsiya sudida e’tiroz bildirilgan. Ushbu sud to‘lov topshirig‘ini bekor qilgan va ishni ko‘rib chiqish uchun qaytarib yuborgan.
2021 yil noyabr oyida Udmurtiya Oliy sudi kompensatsiya to‘lashdan bosh tortish qonuniy va asosli degan xulosaga kelgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2011 yil yozida Pugachyovdagi arsenalda sodir bo‘lgan yong‘in va portlashlar arsenaldan 10 km radiusda joylashgan 12 aholi punktidagi binolarga zarar yetkazgan. 2018 yildagi yangi portlashlar ham yong‘inga sabab bo‘lgan. 2021 yil iyun oyi boshida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Pugachyovdagi sobiq arsenal hududi 70 foizdan ko‘proq tozalangani haqida xabar bergan.
LiveBarchasi