20 yoshli ayol molxonadan osilgan holda topildi
Olam
−
10:01 13577 1 daqiqa
Qirg‘izistonning Nookat tumani Ko‘k-Bel qishlog‘ida yashovchi 20 yoshli qizning jasadi chorva molxonasidan osilgan holda topildi. Bu haqda “Kaktus Media” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea haqida 2026 yil 20 fevral kuni 112 xizmati orqali Nookat tumani ichki ishlar bo‘limiga xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng, hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan hamda sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Marhumaning qarindoshlari esa rasmiy ravishda ilgari surilayotgan o‘z joniga qasd qilish taxminiga ishonmayotganini bildirmoqda. Ularning aytishicha, qiz bir yil avval turmushga chiqqan va turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam ravishda kaltaklanayotganidan shikoyat qilib kelgan. Qarindoshlari uning tanasida, xususan orqa va buyrak sohasida gematomalar bo‘lganini da’vo qilgan.
Shuningdek, yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, qiz fojiadan biroz oldin homilador ekanini ma’lum qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda esa u o‘limidan oldin onasiga eri tomonidan doimiy kaltaklanayotgani haqida yozib, uni olib ketishini so‘ragani aytiladi. Ona xabarni olganidan taxminan uch soat o‘tib qizining uyiga borganida, u yerda odamlar to‘planganini ko‘rgan va qizining vafoti haqida eshitgan.
Ayni vaqtda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Havran tuman Chamdibi mahallasida bo‘sh yer maydonidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topilgandi.