2 hududda mas’ullar 1000 tonnadan ortiq asfaltni o‘mardi
3-sahifa
−
31 iyul 1392 2 daqiqa
Respublikaning Sharof Rashidov va Parkent tumanlari Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, qariyb 700 mln so‘mlik asfaltni talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Sharof Rashidov tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari 6 ta ichki yo‘llarda asfaltlash ishlarni bajarmasdan, xarid qilingan 348,7 mln so‘mlik 634 tonna asfaltni naqd pulga sotib yuborgani hamda o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganliklari aniqlangan.
Shuningdek, yana bir holatda departamentning Parkent tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, “G.W.” MCHJ tomonidan 540 tonna asfalt yetkazib berilmagan bo‘lsa-da, qabul qilib olinganligi haqida soxta hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 324 mln so‘m byudjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari fosh bo‘lgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tergovga qadar tekshiruv davomida “Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MCHJning ayrim mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatilgani haqida soxta asoslar orqali 19 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangandi.
Live
Barchasi