180 mingta surat, 2 mingta video: Epshteyn ishi bo‘yicha yirik hujjatlar arxivi e’lon qilindi

Olam

image

AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha eng yirik hujjatlar arxivini e’lon qildi. “Meduza” yangi e’lon qilingan fayllarda kimlarning nomlari uchragani haqidagi ma’lumotlarni jamladi.

Joriy yilning 30 yanvar kuni AQSH Adliya vazirligi bir vaqtlar boy va ta’sirchan moliyachi bo‘lgan, keyinchalik esa jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan va qamoqda vafot etgan Jeffri Epshteyn ishiga oid navbatdagi hujjatlar to‘plamini e’lon qildi. Bu Epshteyn ishi bo‘yicha eng katta arxiv bo‘lib, unda 3 milliondan ortiq sahifa mavjud. Adliya vazirligi bayonotiga ko‘ra, bu so‘nggi reliz bo‘lib, endi yangi hujjatlar chop etilmaydi. Bunday ulkan hujjatlar massivini batafsil o‘rganish juda ko‘p vaqt talab etadi, biroq jurnalistlar allaqachon Epshteyn hujjatlarida qaysi mashhur shaxslar tilga olinganini aniqlashga ulgurdi. Epshteyn nufuzli do‘stlar topishni yaxshi bilgan.

Yangi hujjatlar paketiga Epshteyn va uning sherigi Gisleyn Maksvell bilan bog‘liq jinoyat ishlarini tergov qilish jarayonida to‘plangan 3 million sahifa matn, 180 mingta fotosurat va 2 mingta videoyozuv kiritilgan. Bu Epshteyn arxivining eng yirik relizi bo‘lib, ehtimol, oxirgisi hamdir. Adliya vazirligi 2025 yil noyabrida qabul qilingan Epshteyn hujjatlarini oshkor qilish to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha o‘z majburiyatlarini shu bilan bajarganini ma’lum qildi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha Epshteyn arxivlaridagi 6 million sahifaning 3,5 millioni oshkor qilingan. Qolgan hujjatlar turli sabablarga ko‘ra, jumladan, Epshteyn va Maksvell harakatlaridan jabrlanganlarni himoya qilish maqsadida e’lon qilinmaydi. Shu bilan birga, Kongressdagi demokratlar Donald Tramp ma’muriyatining halolligiga shubha bildirmoqda. Trampning o‘zi ham bir vaqtlar Epshteyn bilan do‘st bo‘lgan. Demokratlar hujjatlarning to‘liq arxivini e’lon qildirishga harakat qilishlarini bildirgan.

So‘nggi kunlarda jurnalistlar hujjatlarning yangi qismini o‘rganishni boshlashdi. Avvalo, Epshteyn aloqada bo‘lgan mashhur shaxslarning ismlarini izlashga e’tibor qaratildi. U ko‘plab ta’sirli odamlar bilan bevosita muloqot qilgan, boshqalarining ismlarini esa yozishmalarda tilga olgan. 

AQSH Prezidenti Donald Tramp

Epshteynning so‘nggi elektron xatlar to‘plamida Tramp familiyasi tilga olingan besh mingdan ortiq fayl bor. Biroq bu Tramp bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yozishmalar emas, balki ko‘pincha Epshteynning o‘z xatlarida ham emas, balki u boshqalarga yuborgan gazeta maqolalaridagi eslatmalardir. Shuningdek, arxivda nima sababdandir 2025 yilda FQB tomonidan tuzilgan Tramp va sobiq prezident Bill Klintonga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik haqidagi ayblovlar ro‘yxati ham bor. Ehtimol, bu tasdiqlanmagan ayblovlardir. Tramp ham, Klinton ham Epshteyn atrofidagi muloqot doirasiga kirgan, biroq uning jinoyatlaridan bexabar bo‘lganini ta’kidlagan.

Dunyodagi eng boy odam Ilon Mask

Mask Epshteyn bilan 2010 yillarning birinchi yarmida yozishmalar olib borgan. Ular, xususan, Epshteyn Karib dengizidagi shaxsiy orolida uyushtirgan bazmlar haqida gaplashishgan. Avvalroq Mask Epshteyn uni oroliga “behuda tortmoqchi bo‘lganini” aytgan, ammo e’lon qilingan xatlar Maskning o‘zi ham borishga qarshi bo‘lmaganini ko‘rsatadi. 2012 yil oxiridagi xatlardan birida u Epshteyndan “oroldagi eng telba bazm” qachon bo‘lishini so‘raydi va o‘sha paytdagi rafiqasi Talula Rayli bilan borishni rejalashtirayotganini yozadi. Biroq bu rejalar amalga oshganmi-yo‘qmi, xatlardan ma’lum emas.

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning ukasi Endryu

Endryuning Epshteyn bilan do‘stligi anchadan beri ma’lum. Hatto Epshteyn jinsiy jinoyatchi sifatida sudlanganidan keyin ham Endryu bu aloqani uzmagan. Moliyachi qamoqda vafot etganidan so‘ng Endryu uning xizmatlaridan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Epshteynning eng mashhur ayblovchisi Virjiniya Juffre 2001 yilda, o‘zi 17 yoshda bo‘lganida Epshteyn uni Endryu bilan tanishtirgani va u bilan jinsiy aloqa uchun pul to‘laganini aytgan.

Yangi hujjatlarga ko‘ra, Juffre yagona holat bo‘lmagan. 2010 yilda Epshteyn Endryuga 26 yoshli rossiyalik qiz bilan tanishishni taklif qilgan, uni chiroyli, aqlli va “ishonchli” deb ta’riflagan. Endryu bu taklifga qiziqish bildirgan va tanishuvdan mamnun bo‘lishini aytgan. Shuningdek, Epshteyn arxivida Endryuning yerda yotgan ayol ustida tiz cho‘kib turgan suratlari ham topilgan. Ular qachon va qayerda olingani noma’lum.

Microsoft asoschisi va milliarder Bill Geyts

Epshteyn Geyts bilan aloqada bo‘lgani avval ham ma’lum edi. OAV bu munosabatlar Bill va Melinda Geyts ajrashuvining sabablaridan biri bo‘lganini yozgan. Epshteyn pochtasida 2013 yil iyuliga oid, Geytsga yo‘llangan, ammo o‘ziga yuborilgan ikki maktub bor. Ularda Epshteyn Geyts endi u bilan hamkorlik qilmaslik va obro‘sini saqlash uchun muloqotni to‘xtatganidan shikoyat qiladi. Shu bilan birga, u yillar davomida Geytsga eng shaxsiy masalalarda, jumladan, “rossiyalik qizlar bilan jinsiy aloqaning oqibatlarini yengish uchun” dori-darmon topishda yordam berganini yozadi. Geyts bu xatlar mazmunini yolg‘on deb atagan.

Norvegiya valiahd malikasi Mette-Marit 

Kamida 2011–2014 yillarda davom etgan do‘stona yozishmalarda u Epshteynni “jozibali” va “yoqimli” deb atagan, Parij “xiyonat uchun mos shahar” ekanini hazil qilgan. 2013 yilda Epshteyn bilan aloqani uzganini aytgan Mette-Marit bu munosabatlarni “uyatli” deb atagan.

Virgin Group asoschisi va milliarder Richard Branson 

Yangi hujjatlarga ko‘ra, Branson Epshteynni o‘z orolida mehmon qilgan. 2013 yil sentyabridagi maktubda Branson Epshteynni tashrif uchun minnatdorlik bildiradi va yana kelishga taklif qiladi.

“Agar bu tomonda bo‘lsang, seni ko‘rishdan xursand bo‘lamiz. Faqat haramingni ham olib kel”. Virgin Group bu uchrashuv ishbilarmonlik xarakterida bo‘lganini, Epshteyn uch nafar “voyaga yetgan ayol” bilan kelgan bo‘lsa-da, ular uchrashuvda ishtirok etmaganini bildirgan.

Kinorejissyor Brett Ratner

“Soat tig‘i” komediyasi rejissyori Ratner Epshteynning Nyu-Yorkdagi uyida olingan suratda aks etgan. Sanasi noma’lum suratda Ratner va Epshteyn ikki ayol bilan divanda o‘tirgan. Holbuki, rejissyor uch yil avval Epshteyn bilan hech qachon uchrashmaganini aytgan edi. U yana izoh berishdan bosh tortgan.

AQSH Savdo vaziri Govard Lyutnik

O‘tgan yili Epshteyn hujjatlari atrofidagi mojaro fonida Lyutnik Nyu-Yorkda Epshteynning qo‘shnisi bo‘lganini, 2005 yilda bir marta mehmon bo‘lib borgani, ammo uy o‘rtasida massaj stoli turganini ko‘rib, bu “jirkanch odam” bilan boshqa hech qachon “bir xonada bo‘lmaslikka” qaror qilganini aytgan. Ammo yangi hujjatlar uning yolg‘on gapirganini ko‘rsatadi: 2012 yilda u elektron pochta orqali Epshteyn bilan Rojdestvo oldidan rafiqasi va bolalari bilan uning shaxsiy oroliga borishni kelishib olgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Putinning familiyasi yangi hujjatlar to‘plamidagi mingdan ortiq faylda uchraydi. Turli odamlar bilan yozishmalarda Epshteyn Rossiya Prezidenti bilan ehtimoliy uchrashuvni muhokama qiladi va hatto 2013 yilda u bilan ko‘rishish taklifini shartlar mos kelmagani uchun rad etganini da’vo qiladi. Biroq arxivda Epshteynning Putin bilan haqiqatan ham uchrashganini tasdiqlovchi dalillar yo‘q. Shu bilan birga, hujjatlar orasida 2017 yilga oid FQB hisobotida Epshteyn Putinning yashirin aktivlarini boshqarishda aloqador bo‘lgani haqidagi manba so‘zlari keltirilgan. “The Daily Mail” tabloidining manbalari esa Epshteyn Rossiya hukumatlari manfaatlari yo‘lida josuslik qilgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Jeffri Epshteyn Epshteyn Epshteyn ishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing