18 yoshli qizning vafotidan keyin Namangandagi barcha attraksionlar ko‘rikdan o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Avvalroq, Namangan shahridagi istirohat bog‘laridan birida 18 yoshli qiz attraksionni sinovdan o‘tkazish vaqtida temir trubaga urilib, vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Istirohat bog‘dagi mazkur fojiadan so‘ng Namangan viloyati hokimligi bayonot berdi va viloyatdagi barcha attraksionlar tekshiruvdan o‘tkazilishini ma’lum qildi.

"Namangan viloyati hokimligi 2019 yil 30 sentyabr kuni Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” bog‘ida qurilishi to‘liq bitkazilmagan “Spin block” attraksioniga sinovdan o‘tkazilayotgan vaqtda ruxsatsiz chiqib olishi natijasida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa tufayli hayotdan ko‘z yumgan 18 yoshli E.X. oilasiga va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Fojia qurboni bo‘lgan yosh qiz, bog‘dagi suv havzasi qutqaruvchisi sifatidagi ish joyini tashlab, sinov tariqasida harakatlantirilayotgan attraksionga texnika xavfsizligi qoidalarini buzgan holda chiqishi va bu baxtsiz hodisaga olib kelganligi, ish joylarida texnika xavfsizligini ta’minlash borasida viloyatda olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish kerakligini ko‘rsatadi", deyiladi hokimlik bayonotida.

Qayd etilishicha, viloyat hokimligi tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda sodir bo‘lgan holat yuzasidan atroflicha o‘rganish olib borilmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda respublikaning boshqa joylarida ham istirohat bog‘larida faoliyat olib borilayotgan attraksionlarda ko‘ngilsiz holatlar yuz berayotganini hisobga olgan holda, Namangan viloyatida mavjud barcha attraksionlarni navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan attraktsion

Baholaganlar

55

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing