18 ming odamga XII asrda qurilgan 70 kishilik xaroba masjid: dinga e’tibor shumi?
Tahlil
−
22 iyun 2019
10925Ko‘plab murojaatlar va muammolarni o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ tahririyati Samarqand viloyati Nurobod tumanida joylashgan Tim qishlog‘i va unga yondosh qishloqlarga tashrif buyurdi.
Tim qishlog‘i viloyat markazi Samarqand shahridan 130 km, tuman markazi Nurobod shahridan 60 km uzoqlikda joylashgan.
Hududda 3 ta mahalla (“Nurafshon”, “Arabota”, “Bunyodkor” mahallalari) va unda jami 18 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, ular uchun bor-yo‘g‘i 70 kishi bir paytning o‘zida namoz o‘qishi mumkin bo‘lgan masjid xizmat ko‘rsatmoqda. Eng achinarlisi, bu masjid XII asrda qurilgan bo‘lib, hozirda ichki va tashqi tomondan juda achinarli holatga kelib qolgan.
Masjid imomi Nurilla Mahmudov ta’kidlaganidek, bu masjid nafaqat shu qishloqdagi, balki O‘zbekiston hududidagi eng qadimiy, muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi. Lekin, masjidning hozirgi holati uni ko‘rgan har qanday insonning dilini xira qilishi tabiiy. Xo‘sh, bu tarixiy masjidning holati, yoki umuman mavjudligi haqida qishloq ahlidan boshqa birorta mutasaddilarning xabari bormi?
Mutasaddilardan chiqmagan tashabbus qishloq ahlidan chiqib 2009 yilda Respublika tarixiy yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash boshqarmasiga murojaat etilgan, ammo oradan 10 yil o‘tibdi hamki, biror bir mutasaddi Tim qishlog‘iga kelib, amaliy yordam ko‘rsatmagan.
Ushbu masjidda shu paytga qadar hatto tahoratxona ham mavjud bo‘lmagan. Joriy yil muqaddas Ramazon hayiti arafasida qishloq ahli tashabbusi bilan bor-yo‘g‘i ikki kishi bir paytda foydalanishi mumkin bo‘lgan tahoratxona qurildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi 3 yilda turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlarning asosiy qismini musulmon davlatlaridan keluvchi fuqarolar tashkil etadi. Ular bu yurtga tashrifi davomida Oq masjid kabi tarixiy qadamjolarni ziyorat qiladilar.
Ko‘plab xorijiy mamlakatlar bu kabi tarixiy obidalarni asrab-avaylab, butun dunyodan keluvchi sayyohlar uchun turistik markazga aylantiradilar. Biz esa qachongacha bu kabi muqaddas qadamjolarimizni ta’mirlab, uni boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish o‘rniga vaqt o‘tgan sari vayronaga aylanib borishini tomoshabin bo‘lib, jimgina kuzatib turaveramiz.
Muammo faqat Oq masjidning ta’mirtalab ekanligida emas. Lavha avvalida aytganimizdek, Tim qishlog‘ida salkam 18 ming aholi yashaydi. O‘rtacha hisobda ularning 50 %ini erkaklar tashkil etganida ham, 9 ming musulmon uchun 70 kishilik masjidning xizmat ko‘rsatishi kulgili holat emasmi? Xo‘sh, qachon bu hududda aholi uchun barcha shart-sharoitlari mavjud bo‘lgan masjid qurib beriladi?
LiveBarchasi