156 yillik tarix: svetofor ranglarining futbolga ta’siri

Tahlil

image

Har yili 5 avgust kuni dunyoda svetoforlar kuni nishonlanadi. Aynan shu kunda AQSHning Klivlend shahrida hozirgi svetoforlarga o‘xshash moslama o‘rnatilgan. Ko‘plab davlatlarda shu sana munosabati bilan turli ta’lim muassasalarida yo‘l-harakati qoidalari bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi. Odamlarga qoidalar yozilgan broshyuralar tarqatiladi. Kundalik hayotda har kuni svetoforlarga duch kelib, ammo uning nega aynan uchta rang – qizil, sariq va yashil ekanligi, bu ranglarning tanlanishiga nima sabab bo‘lgani haqida ko‘pchilik turlicha fikrlarni ilgari suradi. Bugungi kunda yo‘llar, ko‘chalar va chorrahalarni svetoforsiz tasavvur qilish juda qiyin. Katta shaharlarda istalgan chorrahada svetofor bir muddat ishlamay qolsa, yo‘llardagi tirbandlik yana kuchayadi. Ixtiro qilinganida dastlab piyodalar oqimini nazorat qilgan ushbu texnika vositalari keyinchalik avtomobillar harakatini tartibga solgan. Xo‘sh, uchta chiroqni bir joyga jamlagan ushbu “yo‘l nazoratchisi” haqida aslida qanday haqiqatlar mavjud?

Svetoforlar tarixi: ixtiro, takomillashish.

Svetofor so‘zi ruscha “svet” – yorug‘lik va yunoncha “foros” – eltuvchi so‘zlaridan olingan bo‘lib, yorug‘lik signali beradigan elektr qurilma ma’nosini bildiradi. Semafor tarzida svetofor birinchi marta 1868 yilning 10 dekabrda Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida mamlakat parlamenti – Vestminister binosi yonidagi chorraha atrofiga o‘rnatilgan. Britaniyalik temiryo‘l muhandisi Jon Pik Nayt yaratgan ilk svetofor ikkita – yashil va qizil rangli ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, u qo‘lda boshqarilgan. Gaz fonarlari semafor qurollari yordamida politsiyachi tomonidan qo‘lda boshqarilgan. Ko‘rsatkichlar ko‘tarilib-tushirilib, ot aravalar hamda piyodalar harakatini nazorat qilgan. Kechasi gaz bilan yoritilgan qizil va yashil chiroqlardan foydalanilgan, ammo baribir ular politsiya xodimi tomonidan o‘zgartirib turilgan. Chiroqlar ba’zan portlashi va politsiyachilarni yaralashi sababli xavf ancha ortgan. Oddiygina misol, 1869 yilda Londonda o‘rnatilgan svetoforlardan birida gaz fonar portlab, yonib ketadi va uni nazorat qilayotgan politsiyachini jiddiy jarohatlaydi. Aynan shu voqeadan so‘ng Yevropada svetoforni gaz fonar bilan jihozlash emas, balki ularning o‘zini o‘rnatish taqiqlanadi hamda yillar davomida ko‘chalarga svetofor o‘rnatish to‘xtab qoladi.

Ernst Sirin ismli amerikalik muhandis tashabbusi bilan 1910 yilda avtomat tarzda ishlaydigan svetofor ixtiro qilinadi. Ilk svetoforlarga o‘xshab ko‘rsatkichli bo‘lgan yangi avlod svetoforlariga ikki xil - Stop (To‘xtang) va Proceed (Davom eting) yozuvlari tushirilgan edi. Ammo u ham qo‘lda boshqarilgan. 1920 yilda Detroyt politsiyachisi Uilyam Potts birinchi to‘rt tomonlama va uch rangli svetoforni ixtiro qildi. U yorug‘likning tezda o‘zgarishini ko‘rsatish uchun sariq chiroqlarni kiritdi. Shu tariqa, Detroyt to‘rt tomonlama va uch rangli svetoforlarni joriy qilgan birinchi shahar bo‘ldi. Elektron svetofor uchun patentni 1923 yilda 40 ming dollar evaziga amerikalik Garrett Morgan olgan. U avtomobil va ot qo‘shilgan aravaning to‘qnashuviga guvoh bo‘lgach Potts va Harrisning ixtirosidan bexabar holda uch xil rangda yonadigan svetofor tayyorlaydi. Shu tariqa Garret Morgan svetofor uchun patent olgan birinchi ixtirochi sifatida tarixda qoladi.

AQSHda elektr energiyasi bilan ishlaydigan svetoforlar ommalashgach, Yevropada ham unga qo‘yilgan taqiq va cheklovlar olib tashlandi. Uch xil rangda ishlaydigan svetoforlar Yevropada ilk bor 1922 yilda Parijda va Germaniyaning Gamburg shahrida o‘rnatiladi. Angliyaliklar birinchi bor o‘zlari kashf etgan svetoforning mukammal versiyasini ancha kech, 1927 yilda Vulverhempton shahrida o‘rnatadi.

Piyodalar uchun svetoforlar

Piyodalar uchun yaratilgan ilk svetofor 1952 yil 5 fevral kuni AQSHning Nyu-York shahrida o‘rnatiladi. Piyodalar uchun yaratilgan svetoforlar bir xil rangda bo‘lib, unda ilk svetoforlarda bo‘lganidek Stop (To‘xtang) va Proceed (Yuring) yozuvlari navbati bilan yonar edi.1970 yillarda yozuvlar o‘rniga to‘xtab turgan yoki harakatlanayotgan odam shakli qo‘shiladi. Biroz o‘tib odam shakli qizil va yashil rangda yonadigan qilib ishlandi. XIX asrning 70 yillari oxirida Yevropa va AQSHda piyodalar uchun o‘rnatilgan svetoforlarni qo‘lda boshqariladigan qilib, unga tugma o‘rnatila boshlanadi. Bunday ko‘rinishdagi variantlarda piyoda kelib tugmani bosmagunicha yashil chiroq yonib turaveradi. Tugma bosilganidan keyin qizil chiroq yonadi va haydovchilar piyodalarga yo‘l berish uchun to‘xtaydi.

Svetofor ranglari

Qizil rang quyosh porlab turganda, yomg‘ir va qor yog‘ayotganda yoki tuman tushganda, ya’ni har qanday ob-havo sharoitida juda aniq ko‘rinadi. Butun dunyoda qizil rangning ma’nosi bir xil – TO‘XTA ma’nosidagi xavfni bildiruvchi rangdir.

Sariq – diqqat qiling! Svetoforning sariq rangi oraliqdir. U ogohlantirish vazifasini bajaradi va yo‘ldan foydalanuvchilarni e’tibor berishga undaydi. Sariq rangni aql, sezgi va ziyraklikning ramziy ma’nosi deyishadi. Odatda qizil rangdan keyin yonadi va haydovchilarni harakatga tayyorlanishga chorlaydi.

Amaliyotdan bilinadiki, ko‘plab haydovchilar sariq svetoforni ruxsat beruvchi signal sifatida qabul qiladi va haydashni boshlaydi. Bu noto‘g‘ri! Sariq chiroq yonib turishi har qanday harakatni taqiqlaydi va haydovchilar uchun “tayyor bo‘ling, lekin harakatni boshlash uchun yashil chiroqni kuting” degan ma’noni bildiradi.

Svetoforning yana bir signali yashil rangda. Bu xotirjamlik, tinchlantirish rangidir. Yashil rang harakatga ruxsat beradi. Har qanday haydovchi bu rangni svetofordan o‘tishdan ancha avval uzoqdan payqaydi va tinchgina, tormozni bosmasdan chorrahadan xavfsiz o‘tadi. Svetofor teskari tartibda (yashil, sariq, qizil) ishlamaydi. Zamonaviy qurilmalarda yashil rangdan keyin qizil darhol yonadi, so‘nggi daqiqalarda esa yashil chiroq yonib-o‘chib turadi.

Svetoforlardagi qizil va sariq ranglar keyinchalik futbol o‘yinlari vaqtida shu ikki rangdagi kartochkalar qo‘llana boshlanishiga sabab bo‘lgan. Ya’ni 1960 yillar oxirida ham futbol o‘yinlari paytida hakamlar ogohlantirishlarni faqat daftarchaga qayd etgan. 1966 yilda Angliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida Argentina va Angliya o‘zaro bahs olib boradi. O‘yin davomida hakam argentinalik futbolchini maydondan chetlatadi. Biroq futbolchi germaniyalik hakamning gapini tushunmaydi va tortishuv kelib chiqadi. O‘yindan so‘ng angliyalik hakam o‘yin paytida futbolchilarga beriladigan ogohlantirishlarni, svetoforda bo‘lgani kabi sariq va qizil kartochkalar ko‘rsatishni taklif qiladi. Taklif qabul qilinadi va shundan so‘ng ogohlantirish olgan futbolchilarga sariq va qizil ranglardagi kartochkalar ko‘rsatila boshlanishi amalga kiradi.

Svetofor borasida qiziqarli faktlar

Svetoforning ilk vatani London shahrida 1998 yili fransiyalik haykaltarosh Per Vivan tomonidan ishlab chiqilgan ajoyib ko‘rinishdagi “Svetofor daraxt” tartibni saqlash bilan birga havoni ham tozalaydi.


Praga shahridagi nafaqat Chexiyaning, balki Yevropaning eng tor yo‘lkasida joylashgan svetofor kishi e’tiborini o‘ziga tortishi tabiiy. Chunki yo‘lkadan bir vaqtning o‘zida faqat 1 ta odamgina o‘ta oladi.



Yana bir o‘ziga xos svetoforni Daniyada ko‘rish mumkin. Piyodalar uchun o‘rnatilgan svetoforga tushirilgan jangchi tasviri nafaqat 1849 yildagi Federatsiya jangini eslatadi, balki harakatni ham tartibga soladi.



Nyu-Yorkdagi noodatiy svetoforda piyodalar uchun ranglar o‘rnini so‘zlar egallagan. Masalan, svetoforda yozilgan “walk” ya’ni “yur” yoki “don’t walk” ya’ni “to‘xta” degani. Svetoforda qizil va oq ranglar ishlatilgan.

Amerikaning Nyu-York shtatidagi Sirakyus shahrida kelib chiqishi irlandiyalik bo‘lgan muhojirlar yashaydi. Xuddi shu yerda svetoforning yashil chirog‘i yuqorida, qizil chirog‘i pastda joylashgan. Buning jiddiy sababi bor, albatta. Aytishlaricha, ilk bor shu yerga 1925 yili svetofor o‘rnatilgan. Unda yashil chiroq odatdagidek pastda, qizil chiroq yuqorida bo‘lgan. Bolalar svetofor chiroqlarini urib sindira boshlagan. Chunki yashil chiroq Irlandiya ramzi hisoblangan. Shuning uchun uni pastga o‘rnatishgani irlandiyaliklarga alam qilgan. So‘ngra shahar rahbarlari ular talab qilganidek, yashil chiroqni yuqoriga chiqargan. Lekin oradan ma’lum vaqt o‘tgach, baribir yana yashil chiroq pastga tushirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh svetoforlar Jon Pik Nay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing