Aziz Haydarov 150 million, Diyor Imomxo‘jayevdan uzr so‘ragani va O‘FAdan ketishni o‘ylagani haqida
Intervyu
−
05 mart 2020
16428O‘zbekiston superligasi 1-tur doirasida "Paxtakor" - "Navbahor" (2:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Aziz Haydarovning "Navbahor" klubi muxlislari bilan bo‘lgan suhbatda yozib olingan audioyozuvi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan QALAMPIR.UZ Aziz Haydarov bilan muloqot qildi. U o‘z fikrini quyidagicha bayon etdi:
"Paxtakor" va "Navbahor" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, bir guruh namanganlik muxlislar to‘planib turishganini ko‘rdim. Ularni oldiga bordim va tinchlanib, tarqalishlarini so‘radim. Ular men bilan muloqot qilishga kirishdi. Xabaringiz bor, o‘sha yerda bo‘lgan muxlis o‘zaro suhbatni yozib olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgan. Audioyozuv 3 daqiqadan iboratligini yaxshi bilasiz. Lekin men u yerda 3 daqiqa emas, balki 20 daqiqadan oshiq gapirganman.
Men u yerda faqat futbolimizdagi yomon illatlar haqida gapirmaganman. Futbolimiz rivojlanayotganini ham gapirganman. Nima uchun audioyozuvni to‘liqligicha tarqatmadi? Ilhom Mo‘minjonov murabbiy bo‘lib ishlagan paytda uy uchrashuvlari uchun hakamlarga 150 million berildi deganman. Aslida qancha berilganini bilmayman. Chunki, Mo‘minjonov "Navbahor"da ishlagan paytda men "Al-Shabab"da bo‘lganman. Bu summani ularni tinchlantirish uchun taxminan aytganman. Nima bo‘lgan taqdirda ham Ilhom Mo‘minjonovni ko‘rib turibsizlar. Futboldan chetlatilgan. Buning barchasi bekorga emas.
U yerda gapirilgan ko‘p gaplar audioyozuvda yo‘q. Audioyozuv tarqalgandan keyin ishdan ketish haqida ham o‘yladim. Men bu yerga futbolni rivojlantirish uchun kelganman.
Diyor Imomxo‘jayevning telefon raqamini berganimni ham aytib o‘tmoqchiman. Uning raqamini berganim uchun Diyorning o‘zidan uzr so‘raganman. Bu mening xatom. Men o‘zimni oqlamoqchi emasman. Faqatgina uning raqamini muxlislarga berganim uchun vijdonim qiynalyapti. Chunki, juda yomon ish qilib qo‘ydim. O‘shanda Diyor Imomxo‘jayevning telefon raqamini to‘liq ko‘rsatmadim. Muxlislarning o‘zlarida uning telefon raqami bor ekan. Bor gap shu.
Oradan biroz vaqt o‘tsin, albatta intervyu beraman. Aynan mana shu holatga to‘xtalib o‘taman. Faqat buning uchun biroz vaqt kerak", deydi O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Aziz Haydarov.
Jahongir Sotvoldiyev
LiveBarchasi