15 avgustdan keyin katta to‘ylar o‘tkazishga ruxsat beriladimi?

Bu qiziq

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq karantin davrida O‘zbekistonda to‘y, tug‘ilgan kun va boshqa oilaviy marosimlarni o‘tkazishga taqiq o‘rnatilgan.

Yoz va kuz oylari – to‘ylar mavsumi. 10 iyuldan keyinga belgilangan to‘ylar taqiq sabab bekor qilingan. Shu bois ko‘pchilik 15 avgustdan karantin choralarining yengillashtirilishini kutmoqda. Xo‘sh, karantin choralari yumshatilgach, avvalgidek katta to‘ylar yoki qo‘sh to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat beriladimi? Ushbu savolga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva shunday javob berdi: 

“Mamlakatimizda karantin cheklovlarini o‘rnatish, muddatini uzaytirish yoki bekor qilish faqat Respublika maxsus komissiyaning qaroriga asosida amalga oshiriladi. Xabaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 26 iyuldagi tegishli qaroriga asosan mamlakatimiz bo‘ylab karantin tadbirlar 15 avgustga qadar uzaytirilishi munosabati bilan to‘y, oilaviy marosimlar va boshqa tadbirlar o‘tkazmaslik bo‘yicha aniq cheklovlar belgilangan. 

Mazkur cheklovlarni bekor qilish, to‘y va boshqa marosimlarga ruxsat berishning aniq muddati hamda to‘ylarda qatnashuvchilar soni haqidagi qaror Respublika maxsus komissiyasi tomonidan yurtimizdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda qabul qilinadi. 

To‘yni Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan ruxsat berilgandan so‘ng hamda o‘rnatilgan qoidalarga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazish tavsiya etiladi. Qayd etish kerakki, karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘riladi”.

Ma’lumot o‘rnida, bundan avval “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda 30 kishilik to‘ylar o‘tkazishga ruxsat berilgan edi. Ayni vaqtdagi taqiqlar esa butun respublika bo‘ylab amal qilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

to'y

Baholaganlar

2398

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing