14 yoshli qizning oshqozonidan 3 kg soch o‘rami chiqarildi
Olam
−
16:30 4528 1 daqiqa
Turkiyaning Hatay viloyatida trixobezoar tashxisi qo‘yilgan 14 yoshli qizning oshqozonidan 3 kg soch o‘rami chiqarildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qorin og‘rig‘i va ko‘ngil aynishi bilan shifoxonaga olib borilgan qizga soch yeyish odati tufayli “trixobezoar” tashxisi qo‘yilgan.
Shifokor ko‘rigida uning oshqozonidan ichagigacha uzaygan katta hajmdagi soch to‘plami aniqlangan va operatsiya natijasida olib tashlangan.
Qizning onasi – Hojar Bo‘njeo‘g‘li farzandida soch yeyish odati 2023 yil 6 fevraldagi zilzilalardan keyin boshlanganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizi o‘sha davrda kuchli stressni boshdan kechirgan va sochlarini tortib, og‘ziga solayotganini ko‘rgan.
Hatay Mustafo Kamol universiteti tibbiyot fakulteti Bolalar salomatligi va kasalliklari kafedrasi mudiri, professor Chig‘dem Elning aytishicha, bunday holatlar soch yeyish odati tufayli kelib chiqadi va erta tashxis hamda tezkor muolaja juda muhim ahamiyatga ega.
Jarrohlik amaliyoti o‘z vaqtida amalga oshirilgani sababli oshqozon va ichaklarda qon aylanishi buzilmagan, to‘qimalar chirish yoki teshilish holatiga yetib bormagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy gospitalida jarrohlar kam uchraydigan patologiya bo‘yicha operatsiya o‘tkazgandi. Ular 18 yoshli qizning oshqozonidan 4 kg soch o‘ramini chiqarib olgan edi.
Live
Barchasi